Oʻtgan 30 yil mobaynida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari barcha jabhalarni qamrab olgan boʻlib, ikki mamlakat oʻrtasida oʻrnatilgan oʻzaro ishonchli aloqalar hamkorlikning asosini tashkil etadi. Bu oʻzaro manfaatdorlik, tenglik, ochiqlikka asoslangan hamkorlik aloqalariga asoslandi. Xususan, ular orasida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlarda terrorizm, ekstremizm, separatizm, narkotik va noqonuniy qurol-yarogʻlar savdosi boʻyicha qarashlarning mushtarakligi alohida oʻrin tutadi.
Oʻzbekiston va XXRning oʻrgan 30 yillik munosabatlarining institutsional asoslari uzoq muddatli strategik hujjatlarda oʻz aksini topgan. Masalan, 2005-yildagi “Doʻstlik va hamkorlikning sherikchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma”, 2012-yildagi “Strategik sheriklik oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya”, 2013-yildagi “Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma”, 2013-yildagi “Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qoʻshma deklaratsiya”, 2016-yildagi Strategik hamkorlik toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv bitimi va boshqa hujjatlarni aytish mumkin.
Buni XXR Raisi Si Szinpin 2016-yil 20-iyunda Oʻzbekiston bilan boʻlgan munosabatlarga toʻxtalganda ham ilgari surgan edi. Xususan, “Xitoy bilan Oʻzbekiston manfaatlari va taqdiri mushtarak, quvonch va tashvishni birgalikda baham koʻradigan teng huquqli hamda oʻzaro manfaatdor sheriklardir” – deb taʼkidlashi bezij emas edi. Chunki oʻz paytida Konfutsiy taʼlimotida ilgari surilgan: “Osoyishtalik yoʻq davlatga bormang; tartib yoʻq davlatda yashamang. Agar Osmon ostida osoyishtalik hukm sursa, oʻzingizni namoyon qilmang; agar Osmon ostida notinchlik boʻlsa, yashiring” degan falsafiy qarashlaridan toʻgʻri xulosa chiqargan holda XXR osoyishtalik hukm surayotgan mamlakatimiz bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatli sherik ekanligini, uzoq tarixiy taʼlimotlariga asoslanganligini koʻrishimiz mumkin.
Shu sababli boʻlsa kerak, hozirgi ikki tomonlama strategik hamkorlik munosabatlari yangi formatga koʻchdi. Bu formatdagi oʻzgarishlarning asosiy mazmuni noyob madaniyat hamda ulkan intellektual salohiyatni namoyon etishga qaratildi. Ikki davlat oʻrtasida madaniy hamkorlik aloqalari tuban rivojlanib borishi asosida “inson qadri va uning manfaatlarini” eʼzozlash orqali madaniyatlararo muloqot dialogi yuzaga keldi. Sababi, bugun Oʻzbekisiton Respublikasi va XXR ham taraqqiyotning yangi paradigmasiga qadam qoʻydi. Akademik O.Bogomolov: “Yangi jahon hamjamiyati, jumladan, Xitoy jamiyati oʻzining “xato”laridan xulosa chiqarib, postindustrial taraqqiyotning yangi paradigmasiga oʻtishi, uning tinch yuksalish siyosatining yangi yoʻli ekanligini anglatadi”, deb taʼrif beradi.
Joriy yilning 25-yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvi ham mintaqa davlatlari hamda XXR oʻrtasidagi yangi hamkorlikning istiqboli boʻldi, desak xato boʻlmaydi. Ushbu videoanjuman shaklidagi uchrashuvida Markaziy Osiyo davlatlarining barcha davlat rahbarlari ishtirok edi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. Ushbu nutqida davlatimiz rahbari Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar oʻtgan davrda jadal va barqaror tus olganini taʼkidladi. Mazkur videoanjumanda mamlakatimiz yetakchisi hamkorlikning yangi ustuvor yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan oʻnta muhim taklifni ilgari surdi. Xususan:
Birinchidan, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishning umumiy makonini shakllantirishga qaratilgan Yangi “Xitoy – Markaziy Osiyo” iqtisodiy muloqot strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi;
Ikkinchidan, “Xitoy – Markaziy Osiyo” yoʻnalishida uzluksiz yuk oqimini taʼminlash va transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish uchun “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini barpo etish loyihasini amalga oshirish lozimligini taklif etdi.
Uchinchidan, oʻzaro hamkorlik aloqalarda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va takomillashtirish, IT-parklar negizida “Intellektual Ipak yoʻli” qoʻshma platformasini yaratish taklifini bildirdi.
Toʻrtinchidan, sogʻliqni saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik muhim yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Bunda vaksinalar ishlab chiqish, sinash va ishlab chiqarishda Xitoy bilan sheriklikni davom ettirish hamda ikki davlat oʻrtasida insonlar va tovarlar harakatini yengillashtirish maqsadida vaksinatsiya pasportlarining oʻzaro tan olinishini taʼminlash;
Beshinchidan, Oʻzbekistonda agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, shoʻrlangan va shoʻrxok yerlarda ekinlar yetishtirish, shahar va qishloq oʻrtasida ishlab chiqarish zanjirlarini yoʻlga qoʻyish masalalarida Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirish;
Oltinchidan, pandemiya davrida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlashda yaqindan hamkorlik qilish va bunda BMT Bosh Assambleyasining pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha alohida rezolyutsiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi tashabbusni birgalikda ilgari surish;
Yettinchidan, “Yashil Ipak yoʻli”ni barpo etish doirasida iqlim kun tartibini birgalikda ilgari surish;
Sakkizinchidan, muqobil energetika sohasida hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan “Ekologik toza rivojlanish”ni taʼminlash boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqish;
Toʻqqizinchidan, Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlarini yanada yaqinlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, 2023-yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili” deb eʼlon qilish asosida akademik va talabalar almashinuvining turli yoʻnalishlar boʻyicha rivojlantirish taklif qilindi.
Oʻninchidan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida “Xavfsiz Ipak yoʻli” konsepsiyasini amalga oshirish maqsadlaridan kelib chiqib Afgʻoniston yoʻnalishidagi qoʻshma saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.
Xulosa oʻrnida shuni qayd etish joizki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining XXR bilan munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarildi hamda bu ikki davlatning bir-biri bilan uzoq muddatli strategik hamkor ekanligidan dalolat bermoqda. Bu esa, ikki mamlakat xalqlarining milliy manfaatlariga va hozirgi zamon talablariga toʻla mos keladi. Bu esa ikki mamlakat oʻrtasidagi muloqotlar diologini yanada kengaytirib, istiqbolda yanada samarali natijalarga erishishga keng imkoniyatlar yaratadi.
Usmonjon Boʻtayev,
“Istiqbol” tadqiqot markazi NNT rahbari,
siyosatshunos