Oila atalmish muqaddas qoʻrgʻon bunyod etilgach, uning asoschilari bir-biriga suyanib, hamjihatlikda roʻzgʻorning kamini toʻldirib, xotirjam umr kechirish uchun zamin yaratishga intiladi. Buning uchun astoydil harakat qilinsa, biror kasb orqali daromad topilsa, turmush yaxshilanib boraveradi. Shu jihatdan olganda, joylarda faoliyat yuritayotgan turli kasb va oʻquv markazlari xotin-qizlarni mehnatga jalb etishda juda qoʻl kelmoqda. Qamashilik Dilorom opa Aliyevaning hayotidagi oʻzgarishlar bunga yaqqol misol boʻladi.
Dilorom opa uch farzandning onasi. Turmush oʻrtogʻi vaqtincha ishsiz. Bunday holatda roʻzgʻorni butlashning oʻzi boʻlmaydi. Mavsumiy ishlardan topilgan toʻrt-besh soʻm pul esa yetarli emas. Shu bois, bir necha bor mahallaga ish soʻrab murojaat qildi. Hokim yordamchisi bilan suhbatlashdi. Natijada “Ayollar daftari”ga roʻyxatga qoʻyildi. Ammo daftarga kirish bilan ish bitmaydi. Buni hokim yordamchisi ham, Dilorom opa ham yaxshi biladi.
Shuning uchun Qamashi tumanining uchta — “Qoratepa”, “Mayda”, “Azlartepa” mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi hokim yordamchilari birgalikda harakat boshlashdi: hududdagi ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlash uchun kasanachilik boʻlimi tashkil etishga kirishishdi.
Izlagan imkon topadi, deyishadi. Koʻp oʻtmay Qoratepa mahallasidagi sobiq kollejning boʻsh turgan oʻquv ustaxonasi tuman hokimligi tashabbusi bilan hamkor tashkilot — “Qamashi tekstil” klasteriga ijaraga berildi. Natijada bu yerda joriy yilning 1-may sanasidan boshlab yuqoridagi uchta mahallaning ijtimoiy daftarlarda roʻyxatga turadigan ellik nafarga xotin-qizini kasb-hunarga oʻqitish boshlab yuborildi. Eski oʻquv ustaxona taʼmirlanib, kerakli jihozlar oʻrnatildi. Shu yerning oʻzida ayollarning ham oʻqib-oʻrganib, ham daromad topishlari uchun sharoit yaratildi.
— Ishli boʻlish orzuim edi, — deydi Dilorom Aliyeva. — Shundoqqina mahallamiz yaqinida tashkil etilgan kasanachilik boʻyicha oʻqitish markazi bois ana shu niyatimga yetdim. Bu yerda tikuvchilikka oʻqib, ishlayapman. Hozir ishimni astoydil oʻrganish barobarida kuniga oltmish-yetmish ming soʻm atrofida pul topyapman. Bundan tashqari, 700 ming soʻmdan stipendiya ham berilishi bizga katta yordam boʻlmoqda.
Ayni paytda kasanachilik markazida tikuvchilik, qandolatchilik, navvoylik, gilamchilik, quroqchilik, pazandachilik, sartaroshlik kabi kasb-hunarga oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan.
— Markazimizda xotin-qizlar uch oy davomida oʻzlari qiziqqan hunar boʻyicha oʻqib oʻrganishadi, sertifikat olishadi, — deydi ish boshqaruvchi Muattar Allayeva. — Shundan soʻng agar oʻz xonadonida egallagan kasbi boʻyicha tadbirkorlik qilish istagi boʻlsa, ularga hokim yordamchilari koʻmagida 5 milliondan 7 million soʻmgacha subsidiya ajratilib, kerakli uskunalar olib beriladi. Yoki shu yerning oʻzida ishlamoqchi boʻlsa, belgilangan maosh asosida faoliyat yuritishi ham mumkin.
Ayni paytda markazda hunar oʻrganuvchilar safini oshirish borasida tuman hokimligi va klaster hamkorligida yangi loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, yaqinda bu yerda sutni qayta ishlash kichik zavodi ish boshlaydi. Buning uchun hozir kerakli jihozlarni olib kelish uchun harakat boshlangan. Bu esa hudud aholisi koʻproq ishli va koʻproq daromadli boʻlishi uchun yana bir imkoniyatdir.
Bu kabi kasanachilik markazi tashkil etgan tadbirkorlarga qator yengilliklar belgilangan. Xususan, Prezidentning joriy yil 23-fevraldagi “Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2023-yil 1-martdan 2026-yil 1-yanvarga qadar uch oydan ortiq muddatga oʻttiz nafardan ziyod kasanachini belgilangan tartibda jalb qilgan va kasanachilik asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (koʻrsatilgan xizmatlar) realizatsiya qilishdan olgan daromadlari jami daromadining 60 foizdan koʻprogʻini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasi 50 foiz kamaytirildi. Bunday imtiyozlar yana bir qancha. Muhimi, buning ortidan tadbirkor faoliyati kengayib, qanchadan-qancha odamlar ishli boʻlyapti.
Keyingi paytlarda kasanachilik yoʻnalishi boʻyicha nafaqat Qamashi tumanida, balki viloyatning boshqa hududlarida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, joriy yilning oʻtgan davriga qadar Gʻuzor tumanidagi birinchi va ikkinchi kasb-hunar maktablarida, energetika va sanoat texnikumida hamda “Qovchin” mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan kasanachilik markazlarida 300 nafarga yaqin xotin-qiz turli yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitilmoqda. Shuningdek, boshqa tuman va shaharlarda ham bu jarayonlar davom ettirilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, joriy yil yakuniga qadar 440 mingdan ortiq aholi bandligini taʼminlash nazarda tutilgan. Hozirga qadar shundan 18 ming nafardan ortigʻi daromadli ishga jalb qilingan. Buning uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hamda Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan sakkiz milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan. Kasb-hunarga oʻqitish xarajatlari uchun esa 1,6 milliard soʻm yoʻnaltirilgan. Natijada alohida roʻyxatga olingan xotin-qizlar turmush tarzi yaxshilanib, koʻngillari shod boʻlyapti, roziligi ortyapti.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri