Marjona “Bir million o'zbek dasturchisi” bitiruvchisi, Girls UP xalqaro mukofoti sovrindori, “Mehr-saxovat” ko'krak nishoni sohibi.

U IT sohasiga kirib kelishidan avval YOshlar ittifoqining qator loyihalarida ishtirok etib, mamlakatdagi qizlar orasida birinchi bo'lib sardorlikka saylangan.

— Aynan YOshlar ittifoqidagi ishtirokim ushbu kasb haqida tasavvur hosil qilish imkonini berdi. Bir kun kelib ulg'ayamiz hamda yoshlar safidan chiqamiz. SHundan keyin men nima qilaman, degan savol paydo bo'ldi. Kasb o'rganishga qaror qildim, — deydi M.Jo'raqulova. — Tanlovim aynan IT sohasi bo'ldi. CHunki bu kasb ayol-qizlar uchun ham har tomonlama qulay. Bu bilan dunyoning istalgan nuqtasida turib shug'ullanish mumkin. Qizlar kun kelib turmushga chiqadi, farzand tarbiyasi, uy ishi bilan band bo'ladi. Ba'zi ayollar bunday davrda imkoniyat yo'qligi sabab ishlamay turishni tanlaydi. IT esa makon va zamon tanlamaydi. Komp`yuteringiz yoningizda bo'lsa, bas.

Marjona bu kasbni o'rgana boshlagan paytda shaxsiy komp`yuteri ham yo'q edi. Mobil` telefon bilan “Bir million o'zbek dasturchisi” loyihasida ishtirok etib, yangi kasbni o'rganishga butkul sho'ng'ib ketadi. Qizidagi kuchli intilishni ko'rgan ota-onasi uning noutbuk sotib olishiga yordam berdi. Bu qizning shijoatini yanada oshirib yubordi.

— Universitetga kirgunimcha o'zimni o'zim moddiy ta'minlay oladigan bo'lishni maqsad qilgandim. CHunki talaba yaxshi bilim olishi uchun unga hech narsa xalal bermasligi kerak. Ota-onamga “yuk” bo'lishni esa istamayman, — deydi Marjona.

U haqiqatan niyatiga sodiq qoldi. Kasbni etarlicha egallagach, “Xalqaro qizlar sammiti”ni tashkil etib, atrofiga o'zi kabi yuragida o'ti bor qizlarni jamladi. Uning jamoasi allaqachon buyurtma olib, yaxshi daromad topa boshlagan. Jamoa ayni paytda mGowAward loyihasi doirasida mobil` ilova yaratish ustida ishlamoqda.