1999-yilda Ishtixon tumanida tugʻilgan, mazkur tumandagi maktablarning birida oʻqituvchilik qilib kelayotgan fuqaro N.A. oʻz mansab faoliyatidan foydalangan holda 2 nafar fuqarolarni Samarqand viloyatida ochilishi rejalashtirilgan “Nukus Innovatsion Instituti” nomli xususiy oliygohning 2-bosqichidan oʻqishga kiritishni vaʼda qilib, ulardan 500 AQSH dollaridan, jami 1000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlarini talab qilgan. Bu haqida Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
DXX Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda prokuratura huzuridagi Departamenti xodimlari bilan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, N.A. ikki nafar fuqarodan firibgarlik yoʻli bilan 1 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.