Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov ayni masala xususidagi muammolar, ularga yechim topish yuzasidan oʻzining joʻyali takliflarini quyidagi maqolada ochiq-oydin bayon qildi.

Davlat va jamiyat rivojida oʻqituvchilarning oʻrni beqiyos. Taʼlim tizimini isloh etish strategiyasida malakali kadrlar tayyorlashga bevosita masʼul boʻlgan professor-oʻqituvchilarning obroʻ-eʼtiborini koʻtarish, ularning moddiy-maishiy hayotdagi muammolarini bartaraf etish markaziy oʻrinlardan birini egallaydi. Bu yoʻnalishda salmoqli xayrli ishlar amalga oshirildi.

Bundan besh yil muqaddam oliy taʼlimda ishlayotgan oʻqituvchining oylik maoshi bir million soʻm atrofida boʻlsa, hozir besh million soʻmdan oshadi. Dotsentlarning maoshi 7 million, fan doktori, professorlarning oylik maoshi 9 millionni tashkil etmoqda. Ularga ilmiy salohiyatiga qarab davlat byudjeti hisobidan 30-60 foiz qoʻshimcha haq toʻlanayotgani, xorijiy tilni bilishi, jamoat ishlarini bajarishi uchun toʻlanayotgan ustamalar va ilmiy loyihalardan olayotgan xizmat haqi qoʻshib hisoblanganda, dotsentlar 12 milliondan oshirib, professorlar 20 milliondan koʻp maosh olayotganlari sir emas. Bugun professor-oʻqituvchilarning oylik maoshi qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya oliy taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilarga berilayotgan oylikdan koʻp boʻlsa koʻpki, kam emas. Professor-oʻqituvchilarimizning kundalik hayotidagi qator muammolar bartaraf etildi.

Uy-joy, mashina, kreditlar, farzandlarining kontraktlari toʻlovi masalasida soliq imtiyozlari kabilar professor-oʻqituvchilarimizning turmush yukidan xalos boʻlib, tamomila vaqtini oʻz ustida ishlash, talabalarning yetuk mutaxassis boʻlib yetishishida bor imkoniyatini ishga solishi uchun yaratilgan edi. Maqsad oliy taʼlim sohasidagi islohotlar ijrosiga oliy taʼlim muassasasida faoliyat koʻrsatayotgan pedagoglar jamoasini toʻliq safarbar etilishiga umid bogʻlangandi.

Videoselektorda Prezidentimiz tomonidan oʻtgan yillarda qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan birga kamchiliklar atroflicha tahlil etildi. Toʻgʻri, oliy taʼlim muassasalari soni 67 tadan 127 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy universitetning filiali tashkil etildi. Qabul kvotalari yildan yilga oshirib borilmoqda. Davlat oliy taʼlim muassasalarining jahon taʼlim tizimiga integratsiyasini tezlashtirish maqsadida xalqaro standartlarni joriy qilish ishlari jadallashtirildi. Milliy taʼlim reytingi yaratilib, OTMlar oʻrtasida raqobat shakllantirildi. Ilgari Vazirlar Mahkamasida boʻlgan vakolatlar Oliy taʼlim vazirligiga oʻtkazildi.

Biroq bu ijobiy yangiliklarning samarasini taʼlim sifati, ayniqsa, oliy taʼlim muassasalari ichidagi sifat oʻzgarishlariga taʼsiri haqida ijobiy fikr bildirish qiyin. Respublikada mavjud 815 ta taʼlim yoʻnalishining 50 foizida darsliklar talabga javob bermaydi. Respublika oliy taʼlimi tizimida oʻttiz mingdan ortiq professor-oʻqituvchi faoliyat yuritayotgan boʻlsa, bor-yoʻgʻi yetti foizi oʻz maqolalari bilan xalqaro miqyosga chiqqan. Oʻqitish tizimi bozor talablariga javob bermaydi, soha tarmoqlarida mutaxassislar yetishmaydi. Mutaxassislar taqchilligi sharoitida ularning bilim va malakasini ish beruvchilar talablariga mos ravishda oshirish ishlari ham nochor ahvolda ekani kishini tashvishga soladi. Bu muammolar professor-oʻqituvchilar orasida xorijiy tillarni bilish darajasi va ilmiy salohiyatning pastligi, oliy taʼlim muassasasi ichida raqobatning yoʻqligi, rektor va universitet kengashining oʻquv-ilmiy hamda tashkiliy-boshqaruv masalalarida mustaqil qaror qila olmasligi bilan izohlanadi.

Davlatimiz tomonidan oliy taʼlim muassasalari boshqaruv kengashining rolini oshirish orqali oʻquv yuklamalari hajmini hisoblashning vaqt meʼyorlarini, taʼlim yoʻnalishlari, oʻquv rejalar, fan dasturlarini tasdiqlash, taʼlim shakllarini belgilash boʻyicha rektorlarga mustaqillik berildi. Bundan qanday maqsad koʻzlanmoqda? Avvalo, oliy taʼlim muassasasida ichki raqobatni shakllantirish; professor-oʻqituvchilarning ongi va tafakkurini oʻtgan 25 yilda chuqur ildiz otgan loqaydlik, masʼuliyatsizlik, boqimandachilik kayfiyatidan tozalash va ularning davlat va jamiyat oldidagi yuksak burchlarini anglashlariga erishish; universitet jamoasini islohotlarning fidoiy ijrochisiga aylantirish; rektorning qoʻl-oyogʻini qaramlik kishanlaridan xalos qilish va taʼlim sifatini oshirish boʻyicha izlanishga undash; taʼlimni ishlab chiqarishga bogʻlash orqali zamonaviy talablarga mos yetuk kadrlarni tayyorlashning yechimlari ustida ishlash uchun sharoit yaratishdir. Ushbu maqsad va vazifalarning ijrosi asos-eʼtibori bilan pedagog-oʻqituvchilarning fidoyilik va tashabbuskorlik, vatanparvarlik va masʼuliyatlilik, kreativlik va bilimdonlik fazilatlarini talab darajasiga koʻtarish, yangi ishga qabul qilinayotgan mutaxassislarning ana shu mezonlar asosida toʻgʻri tanlanishiga bogʻliq. Saviyasi baland mutaxassis sifatli mahsulot ishlab chiqaradi. Yaxshi urugʻ noshud dehqon qoʻliga tushsa, uning unishidan umid qilmasa ham boʻladi. Talaba uchun qancha sharoit yaratilmasin, unga yetarli bilim berilmasa, oʻqituvchining bilimi talabani qoniqtirmasa, uning fanga boʻlgan qiziqishi susayadi, iqtidor alangasi soʻnadi. Shunday ekan, oliy taʼlim islohotlarining bugungi bosqichida eʼtiborimiz markazida turishi lozim boʻlgan eng muhim yoʻnalish — taʼlim sifatini yaxshilashning shartlaridan biri boʻlgan pedagog kadrlarni tanlash tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishdir.

Shu oʻrinda oliy oʻquv yurtlarida faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilarning salohiyatini oshirish, pedagoglarning yangi avlodini tezroq tayyorlash va ularni ishga qabul qilishning shaffof va ochiq mexanizmlari qanday boʻlishi haqida gapirish oʻrinli.

Maktab bitiruvchilarini biz qabul qilib olyapmizmi, uni qanday parvarishlash, qanday yetiltirish, ertaga kimga uzatishni qabul qilayotgan paytdayoq aniq tasavvur qilishimiz kerak. Pedagog-oʻqituvchini ham saralash zarur. U bilimga tashna talabaning chanqogʻini qondira olishi, uni oʻz kasbining mohir ustasi boʻlishi uchun toʻgʻri yoʻnaltirishi va tarbiyalashi, uning mehrini qozona olishi lozim. Mohir dehqon sara urugʻni topib ekar ekan, uni kimga va qayerda, qachon sotishning ham aniq moʻljalini oladi-ku?!

Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan kafedralar va tarmoqlar oʻrtasida integratsiyani taʼminlash, kafedralar rolini kuchaytirish, ilmiy-innovatsion markazlar tashkil qilish orqali ish beruvchilarning boʻlajak kadrlar tarbiyasiga talabalik kursisidan eʼtibor qaratishi, qoʻshma ilmiy loyihalar va xoʻjalik shartnomalari doirasida universitet professor-oʻqituvchilari bilan birgalikda talabalarni jalb qilgan holda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishi yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Biz oʻqituvchilarning salohiyatini qanchalik tez yuksaltira olsak, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan “bogʻcha – maktab – oliy taʼlim – doktorantura – ishlab chiqarish – tijoratlashtirish” siklini yuqori sifat koʻrsatkichlari bilan shunchalik tez poyoniga yetkazgan boʻlamiz. Maktabgacha taʼlimda juda katta islohotlar oʻtkazilmoqda. Umumiy oʻrta taʼlimda ham oxirgi yillarda tub ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Oliy taʼlimga qabul qamrovi yildan yilga oshirilmoqda. Ayni koʻrsatkich 2021-2022 oʻquv yilida 182 mingni tashkil etmoqda. Bu oʻtgan yildagiga nisbatan qabul qamrovi 3 barobar koʻpaydi, degani. Ilgari har yili 50-55 ming talaba qabul qilinib, 2020-yilgacha mamlakatimizdagi jami talabalar soni 240 mingdan oshmagan. Bu yil esa birinchi kursning oʻzida talabalarning 200 mingdan oshishi prognoz qilinmoqda. Agar yillik qabul kvotasini 25-30 foizga oshirish marrasiga yetkaziladigan boʻlsa, keyingi toʻrt yilda jami talabalar soni hatto bir milliondan oshishi mumkin. Shuni tasavvur qilishning oʻziyoq oliy taʼlim muassasasi pedagog-oʻqituvchilariga talab qanchalik ortishi va ularning saviyasi darajasi haqida oʻylashga majbur qiladi. Bugun oliy taʼlimga kelayotgan yoshlar oldingilardan ancha farq qiladi. Ularning kompyuter texnologiyalari asoslaridan yaxshi xabardorligi, xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirayotgani, dunyoqarashining kengligi, siyosiy va ijtimoiy masalalarda oʻz fikrini bildirishga oshiqayotgani yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlaridan, tanlovlarda faol ishtirokidan ham maʼlum boʻlmoqda.

Biz, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ushbu yoshlarni talabalikka qabul qilar ekanmiz, oʻzimizga savol berishimiz kerak: “Bizning oʻqituvchilarimiz ularni qoniqtira olarmikinlar, oʻqituvchilar tarkibini oʻn baravar koʻpaytirishga jiddiy zarurat tugʻilayotgan ayni pallalarda bilib-bilmay “eski sumka”sini koʻtarib yurgan oʻqituvchilarni ishga olib, talabalarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmaymizmi? Xalqning, birinchi navbatda, talabalar va ota-onalarning yana bir karra hafsalasini pir qilib qoʻymaymizmi…?” Bugungi kunda professor-oʻqituvchilarning necha foizi yuksak pedagoglik sifatlarini oʻzida saqlab qolgan? Ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchilarimizning insoniy fazilat va saviyasi davr talabiga javob bermasligi bot-bot tanqid qilinmoqda. Ilgari bizning yuzimizga shu kamchiliklar roʻy-rost aytilsa, yuz bahona topar edik: oylik kam, taʼlimga eʼtibor yoʻq, taʼlim korrupsiya botqogʻiga botgan, oʻqituvchilar oʻz ustida ishlashi uchun kutubxonalarda adabiyotlar yoʻq, oʻqituvchi majburiy suratda dala ishlariga jalb qilinadi, qogʻozbozlik haddan ziyod va hokazo. Endi nimani bahona qilamiz? Prezidentimizning gʻamxoʻrligi va yaratilgan sharoitlar natijasida bahonaga oʻrin qolmadi hisob. Oliy taʼlim muassasasi rahbarlari bugungi raqobat muhitida ilmiy salohiyatni oʻstirish, professor-oʻqituvchilarning kasbiy kompetensiyasini kuchaytirish ustida jiddiy izlanmoqda.

Biroq, sir emas, professor-oʻqituvchilarning aksariyati mukofot vaʼda qilsang, maqola yozib beradi, boʻlmasa yoʻq. Yil yakunida moddiy ragʻbatlantiraman desang, konfrensiyalarda qatnashadi. Dotsent ilmiy unvonini olishing kerak, deb muddat qoʻysang, arang maqola yoki oʻquv qoʻllanma yozishga kirishadi. Ammo tadbirda qatnashish, jamoat ishlarini bajarish, darsdan tashqari rektoratning biror topshirigʻini bajarish majburiy mehnatga yoʻyiladi. Qaysidir rahbar ularni amallab yoʻlga solar, sal boʻshroq yoki tajribasizroq rahbar boʻladigan boʻlsa, xuddi jang maydonida yolgʻiz qolgan qoʻmondon holiga tushadi. Shuning uchun ham Prezidentimizning rektorlar va prorektorlar maktabini tashkil qilib, ularni oʻqitish kerakligi haqidagi fikrlarini toʻgʻri, deb hisoblayman. Biroq tan olish kerakki, eski ish tizimidan mutlaqo yangi bir ish tizimiga oʻtish shaxs ongida, tafakkur va mafkurasida katta oʻzgarishlar yasalishini taqozo etadi. Shu maʼnoda ham davlatimiz rahbari kafedralar oʻrtasida raqobat muhitini vujudga keltirish professor-oʻqituvchilarning taʼlim jarayoni va ilmiy faoliyatga munosabatini ijobiy tomonga oʻzgartirishini taʼkidladi.

Kafedralarning boshqaruvdagi rolini kuchaytirish, universitet pedagog-oʻqituvchilari oʻrtasida sogʻlom raqobatni vujudga keltirish, nazarimda, oliy oʻquv yurtining rivojlanishiga jiddiy toʻsqinlik qilayotgan, ishga qabul qilish va boʻshatish boʻyicha Mehnat kodeksida belgilangan eski tartiblarni isloh etishdan boshlanishi kerak. Bunda quyidagilarga eʼtibor berish lozim deb oʻylayman.

Birinchidan, professor-oʻqituvchilarni ishga qabul qilishda bir yillik mehnat shartnomasini tuzish amaliyotiga oʻtish kerak. Ikkinchidan, kafedra mudirini tanlov asosida besh yillik tanlov asosida saylab olish amaliyotini bekor qilish lozim. Uchinchidan, dekanlarni toʻrt yillik mehnat shartnomasi asosida tayinlash, shu muddat ichida oʻzining rahbarlik qobiliyatini toʻliq namoyon etgan dekanning muddati rektor buyrugʻi bilan muayyan muddatga choʻzilishi mumkin. Ushbu jihatlarning isloh etilishi bugungacha davom etayotgan ayrim kafedra mudirlarining “mansab abadiy” deb qarashlari, professor-oʻqituvchilarning jon kuydirsa-kuydirmasa bu dargohdan hech kim ketkaza olmaydi, degan aqidalaridan voz kechishiga olib keladi.

Talablar ham davrga qarab oʻzgarib boraveradi. Bu tabiiy. Bugun Prezidentimiz qoʻygan vazifalar kadrlarni ishga olish jarayoni shaffof tarzda, birinchi navbatda, ularning oʻz kompetensiyasini komissiya oldida namoyish etishi, ilgʻor texnologiyalar vositasida ochiq dars oʻtib berishi va, albatta, insoniylik fazilatlari va kasbiy bilimlari boʻyicha komissiya suhbatidan oʻtish orqali aniqlanishini taqozo etadi. Oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri oʻqituvchilarning yosh avlodini shakllantirishdir. Ochigʻini aytadigan boʻlsak, oliy taʼlimga kirib kelayotgan iqtidorli yoshlarga bas keladigan kreativ fikrli oʻqituvchilar ham asosan yoshlardir. Oliy taʼlimda stajyor-oʻqituvchi degan maqom bor. Hali taʼlimda ishlab koʻrmagan yoki endigina magistraturani bitirgan yosh kadr ishga olingandan soʻng bir yil stajyor-oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Ular kafedra muhitiga oʻrganishi, auditoriyada maʼruza qilishi, dars oʻtishi, auditoriyani boshqarish malakasiga ega boʻlishi, fan dasturlarini tuzishi, yuklama va oʻquv jarayoni bilan bogʻliq meʼyoriy hujjatlarda belgilangan normalar mohiyatini tushunib yetishigacha bir yil oʻtib ketadi.

Menimcha, bu amaliyotdan voz kechish kerak. Stajyor-oʻqituvchilikka boʻlgʻusi nomzod magistratura talabalari orasidan tanlanishi va magistratura bosqichida oʻqituvchilikka ishga olinib, yetarli amaliy koʻnikma va malaka olishiga sharoit yaratmoq darkor. Buning uchun magistratura talabalariga 2-kursdan boshlab professorlarning amaliy va seminar darslarini oʻtishiga ruxsat berish kerak. Bu shu davr mobaynida kafedra muhitini oʻrganishi, yuklama soatlari va kafedraning meʼyoriy-hujjatlaridan toʻla xabardor boʻlishi, keyingi yil oʻziga ajratilajak fan boʻyicha sillabuslarni yaratishiga imkon beradi. Bunday magistrlarni tahsildan soʻng kafedrada ishga olib qolish va maʼruza oʻqishga ruxsat berish maqsadga muvofiq.

Shu oʻrinda magistraturadan keyin toʻgʻridan-toʻgʻri doktoranturaga kirishga ruxsat berilgani tajribada oʻzini oqladi, deb ayta olmayman. Balki keyingi besh yillikda bu oʻzini oqlar. Universitetimiz misolida aytishim mumkinki, oʻtgan yil magistraturadan keyin toʻgʻri doktoranturaga oshiqqan talabgorlarning koʻpchiligi hali ilmiy tadqiqot haqida chuqur tasavvurga ham ega boʻlmagan, ochigʻi, maqsadi magistraturadagi “talabalik sururi”ni doktoranturada ham davom ettirish boʻlgan yoshlardan iborat boʻldi. Bunday munosabat xalqimiz ongida hali-hanuz saqlanib qolayotgan “davlat pulini tuya qilish”, boqimandachilik kayfiyati asoratlaridan biridir. Ularning ilm qilish uchun berilgan imtiyozlardan oʻz nafsini qondirishga harakat qilish yoʻlida foydalanishi birovning haqini yeyish kabi ogʻir gunoh va ayni chogʻda, davlat siyosatiga xiyonat ekanini tushunib yetgunlariga qadar kutib turishga toʻgʻri keladi. Chunki bu turishda ularning davlat hisobidan moddiy taʼminlanib turib, uch yil tugul oʻn yil ichida ham dissertatsiya yozishiga koʻzimiz yetmaydi. Juda katta ilmiy yutuqlarga erishgan ayrim magistrlarni universitet kengashi oʻsha yiliyoq doktoranturaga kirishga tavsiya qilsa, bu boshqa gap. Shuni ham aytish kerakki, bugungi davrda magistratura bosqichidan soʻng bir yoki ikki yillik ilmiy stajirovka oʻtagandan keyin doktoranturaga kirish tajribasi amalda qoʻllanmoqda va bu eng toʻgʻri yoʻldir.

Darhaqiqat, bugun yoshlarning ilm egallashi, oʻz ustida samarali ishlashi borasida eng toʻgʻri yoʻlni tanlash oliygohlar istiqbolini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Maqola shu maʼnoda ham koʻplab soha xodimlarini chuqur oʻyga toldiradi. Umid qilamizki, Sh.Sirojiddinov tomonidan bildirilgan oliy taʼlim bilan bogʻliq yuqoridagi mulohazalar mutasaddilarni ham bu borada chuqurroq oʻylashga undaydi.

Munojat Moʻminova