Oqova suv tizimlarining aksariyat qismi oʻtgan asrning 70-80 yillarida qurilgan va bugungi kunda taʼmirtalab holatga kelib qolgan

    Bu haqda AOKAda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ raisi oʻrinbosari va mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Oqova suv tizimlari odamlarning farovon turmushini taʼminlash, ekologik barqarorlikni saqlashda muhim oʻrin tutadi. Shu bois davlatimiz tomonidan aholiga bu turdagi xizmatlar koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Xususan, 2017-2021-yillarda respublika boʻyicha jami 56 ta yangi oqova suv tozalash inshootlari barpo etildi va 1,1 ming km oqova suv tarmoqlari tortildi. Buning natijasida 2017-yilda yurtimiz aholisining markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi 15,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, hozirga kelib ushbu koʻrsatkich 17,6 foizga yetkazildi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda 125 ta oqova suv tozalash inshooti mavjud boʻlib, shundan 58 tasi yirik, 67 tasi lokal oqova suv tozalash inshooti hisoblanadi. Oqova suv inshootlarining umumiy loyihaviy kunlik quvvati 3,7 mln metr kub boʻlib, amalda kuniga 2,7 mln metr kub quvvat bilan ishlab kelmoqda.

    Soʻnggi yillarda oqova suv tizimlarini rivojlantirish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilganiga qaramasdan, mazkur yoʻnalishda bir qator tizimli muammolar saqlanib qolayotgani ham ayni haqiqat.

    Birinchidan, respublikadagi mavjud oqova suv infratuzilmasi jismonan va maʼnan eskirgan. Oqova suv tizimlarining aksariyat qismi oʻtgan asrning 70-80 yillarida qurilgan boʻlib, bugungi kunga kelib taʼmirtalab holatga kelib qolgan.

    Hozirda mamlakatimizda 282 ta oqova suv koʻtarish nasos stansiyalarida jami 527 ta nasos agregatlari mavjud boʻlib, shundan 122 tasi nosoz, shuningdek, mavjud jami 8,8 ming km oqova suv tarmoqlaridan 2,1 ming km (23%) taʼmirtalab ahvolda.

    Ushbu muammoni hal etish maqsadida ayni damda barcha dasturlar doirasida kunlik umumiy quvvati 1,3 mln metr kub boʻlgan 45 ta oqova suv tozalash inshooti, 329 ta nasos stansiyasi va 3,8 ming km oqova suv tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Mazkur qurilish-montaj ishlarining amalga oshirilishi natijasida 2,3 mln nafar aholiga ilk bor oqova suv xizmatlari koʻrsatiladi.