Toshkent viloyati Oqqo'rg'on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining zaharlanishi haqida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabar jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo'ldi. Ushbu xabar tarqalgan zahotiyoq Bola huquqlari bo'yicha vakil Aliya YUnusova bolalar davolanayotgan tibbiyot muassasalariga tashrif buyurib, bolalar holidan xabar oldi.
Bola huquqlari bo'yicha vakil yuqoridagi holat va o'zining boshqa kuzatuvlaridan kelib chiqib jamiyatimizda uchrab turgan bunday hodisalar xalqaro va milliy qonunchiligimizda belgilangan norma talablariga mas'ullar tomonidan etarlicha rioya qilinmayotganligidan kelib chiqmoqda deb hisoblaydi. Zero, Bola huquqlari deklaratsiyasida bola ijtimoiy ta'minotning afzalliklaridan bahramand bo'lishi lozimligi, bola to'g'ri ovqatlanishi, uning turar joy, o'yin-kulgi va sog'liqni saqlash huquqi ta'minlangan bo'lishi kerakligi belgilangan.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning 24-moddasining “v” bandida ishtirokchi davlatlar kasallik va to'yib ovqatlanmaslik bilan kurashishi, shu jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami orqali, jumladan, atrof-muhit ifloslanishi xavfini hisobga olgan holda, mavjud texnologiyalarni qo'llash va etarli darajada to'yimli oziq -ovqat va toza ichimlik suvi bilan ta'minlashi; “e” bandida esa jamiyatning barcha qatlamlarini, xususan, ota-ona va bolalarni bolalar salomatligi va ovqatlanishi, emizishning afzalliklari, atrof - muhit sanitariya holatini saqlash va baxtsiz hodisalarning oldini olish, shuningdek, ularning bunday bilimlardan foydalanishda ularni qo'llab -quvvatlashi belgilangan.
Ishtirokchi davlatlar har bir bola o'z milliy qonunchiligiga muvofiq, ijtimoiy ta'minot, shu jumladan, ijtimoiy kafolatlardan foydalanish huquqiga ega ekanligini tan oladi va bu huquqni to'liq amalga oshirish uchun zarur choralarni ko'radi.
O'zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunining 22-moddasida bolaning sog'lig'ini saqlash huquqini davlat tomonidan ta'minlashning yo'li sifatida talab darajasidagi sifatga ega bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to'g'risida”gi qonunining 5-moddasida oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir normalar va qoidalar davlat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi hamda nazorat qiladi va ular oziq-ovqat mahsuloti muomalasi sohasida ish olib borayotgan yuridik hamda jismoniy shaxslar uchun majburiydir deb belgilangan.
O'ylaymizki, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to'g'risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar xarakatiga etarlicha huquqiy baho beriladi. Toki, bu boshqa muassasalardagi mas'ullar uchun saboq bo'lsin!