Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni 26-moddasiga asosan iqtisodiy konsentratsiya hisoblangan bitim (harakat) tomonlarining biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 250 ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi BHMning 500 ming baravari miqdoridan ortiq boʻlgan shaxslar yoki shaxslar guruhi Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan masʼuliyati cheklangan jamiyatning ulushlarining uchdan bir qismidan ortigʻini tasarruf etish huquqini olganda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish belgilangan.
Shunga qaramasdan, “Orient Group Management” MCHJ tomonidan joriy yilning 16-may sanasida “Highway Logistics Center” MCHJning ustav fondini koʻpaytirish orqali uning 45 foiz ulushiga egalik qila boshlagani maʼlum boʻldi, bunda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmaganligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Orient Group Management” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuning 26-moddasi talablari buzilgan deb topildi hamda moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Maʼlumot oʻrnida, Maxsus komissiyaning ushbu qarori ustidan “Orient Group Management” MCHJ sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilgan.
Bundan tashqari, “Oʻzbek-Oʻmon investitsiya kompaniyasi” MCHJ QK tomonidan joriy yilning 23-iyul sanasida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmasdan aynan yana “Highway Logistics Center” MCHJning ustav fondidan 45 foiz ulush olinganligi holati aniqlandi.
Natijada, ushbu holatda ham Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Oʻzbek-Oʻmon investitsiya kompaniyasi” MCHJ QKga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuning 26-moddasi talablari buzilgan deb topildi hamda moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.