Davlat idoralari, mahalliy hokimiyat organlarining 3200 dan ortiq qarorlari bekor qilindi

    Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi raisi o'rinbosari Farrux Karabaev ishtirokida o'tkazilgan brifingda ma'lum qilindi.

    So'nggi yillarda mamlakatimizda monopoliyalarni kamaytirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish orqali sog'lom raqobat muhitini yaratish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Xususan, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo'yicha qator mexanizmlar joriy etildi. Jumladan, agar tovar bozorida 5 ta va undan ortiq xususiy sektor sub'ektlari faoliyat yuritib kelayotgan bo'lsa, ushbu sohalarda davlat ishtirokidagi korxonalarni ta'sis etilishiga cheklovlar kiritildi. Litsenziyalash, akkreditatsiyadan o'tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat organlari va monopoliyalarga o'zlarining ishtirokidagi korxonalarni tashkil etilishiga taqiq kiritildi. Davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda raqobatga ta'sirini baholash mexanizmi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasining dastlabki roziligini olish tartibi joriy qilindi.

    Masalan, birgina 2021-2022 yillar davomida Qo'mita tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bo'yicha jami 45 ta murojaatdan 33 foizida korxonalarni tashkil etish rad etilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalarga asosiy faoliyatidan xos bo'lmagan qo'shimcha faoliyat bilan shug'ullanish va boshqa korxonalarda ulushga ega bo'lishga taqiq o'rnatildi. Natijada, davlat ishtirokidagi korxonalar soni so'nggi ikki yilda qariyb 3,0 mingdan 2,1 mingtagacha yoki 30 foizga qisqardi.

    Tovar va moliya bozorlarida raqobatni yanada rivojlantirish, yangi ishtirokchilarni erkin kirib kelishini ta'minlash maqsadida tadbirkorlar uchun 185 turdagi litsenziya va ruxsat berish tartib-tamoyillari qisqartirildi yoki soddalashtirildi. Islohotlar natijasida 31 ta tovar va xizmatlar bozorlarida tadbirkorlarning kirishini erkinlashtirish hisobiga etarli darajada raqobat shakllandi va monopoliya holatidan chiqarildi. Jami monopol korxonalar soni esa so'nggi 5 yilda 20 foizga kamaydi va bugungi kunga kelib 90 tani tashkil etmoqda. Birgina joriy yilning o'zida 13 ta tovar va xizmatlar bozorlarida mavjud eksklyuziv huquqlarni bekor qilinishi belgilandi va bosqichma – bosqich raqobatni shakllantirish boshlandi. Misol uchun, ishlatilgan texnik moylarni yig'ish, o'lchash vositalarini qiyoslash, don va paxtani sertifikatlashtirish, loyihalashtirish kabi sohalarda faoliyat yuritish uchun xususiy sektorga imkoniyat yaratildi.

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini raqobatga ta'sirini baholash majburiy joriy etildi. Qo'mita bugungi kunga qadar 1,1 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari raqobatga ta'siri baholangan, shundan qariyb 65 foizida raqobatga zid normalar mavjudligi aniqlangan. Monopoliyalar, shu jumladan tabiiy monopoliyalarning 6,7 mingdan ortiq turli raqobatga zid harakatlari bartaraf etildi, natijada 42 mingga yaqin tadbirkorlarning 554 mlrd so'm so'mlik manfaatlari himoya qilindi. Davlat organlarining, shu jumladan mahalliy hokimiyat organlarining 3,2 mingdan ortiq turli raqobatga zid qarorlari bekor qilindi.

    Temir yo'llari va aeroportlar xizmatlari kabi tabiiy monopoliya sohalarida transformatsiyasi jarayoni boshlandi va uning asosiy maqsadlaridan biri ushbu bozorlarga yangi ishtirokchilarga erkin kirishini ta'minlash hisoblanadi. Davlat organlari va monopoliyalarda raqobat cheklanishini barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida monopoliyaga qarshi komplaens tizimi joriy etildi.