“Oʻzagroinspeksiya”ning 2021-yil II yarim yilligi ish rejasiga muvofiq, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tarkibidagi xoʻjalik subyektlarida qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarining texnik holati va ularning ekspluatatsiya qilinishi ustidan oʻrnatilgan tartibda nazorat tadbirlari oʻtkazildi.
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimidagi 79 ta xoʻjalik subyektlari balansida boʻlgan 33 ta oʻziyurar texnika, 33 ta tirkama hamda 175 ta agregat va uskuna davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan foydalanib kelinayotgani aniqlangan.
Shuningdek, jami 6 ta holatda qishloq xoʻjaligi texnikalariga masʼul shaxslar buyruq bilan tayinlanmaganligi, 13 ta holatda texnika vositalarini saqlash qoidalarining buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi, 52 ta holatda traktorchi-mashinistlarning boshqarayotgan texnika vositalari ularning “traktorchi-mashinist guvohnomasi” toifalariga mos emasligi, 91 ta holatda texnikalardan foydalanish, ularni taʼmirlash, servis xizmati koʻrsatish va saqlash qoidalariga rioya qilinmaganligi oqibatida texnikalar yaroqsiz holga keltirilganligi hamda 239 ta texnika yillik majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmay foydalanib kelinganligi kuzatildi.
Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari boʻyicha Qoʻmita tizimidagi xoʻjalik subyektlariga 21 ta yozma koʻrsatma, 14 ta taqdimnoma kiritilib, 77 nafar, shundan 26 nafar masʼul mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ushbu aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini oldini olish va ularni bartaraf etish yuzasidan Qoʻmitaga yozma taqdimnoma kiritildi, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning axborot xizmati.