Mamlakatimizda belgilangan qonunchilikka koʻra, ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasidan koʻtarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy taʼsirini kamaytirish, ushbu hududlarda choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” — barpo etish ishlarini izchillik bilan davom ettirish hamda global iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsirini yanada yumshatish maqsadida barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2022-yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Jami 590,3 tonna, shundan 391 tonna mahalliy aholi tomonidan choʻl oʻsimliklarining urugʻlari jamgʻarildi, 100 gektar saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan nihol xonalar tashkil etildi hamda 635 nafar ishchi-xodimlar, 250 dona yuqori unumli traktorlar va 2 dona kichik aviatsiya jalb etildi.
Shuningdek, ushbu barpo etilgan “yashil qoplamalar” soha olimlari doimiy monitoring qilinib, choʻl oʻsimliklarining koʻkarishi boʻyicha yaxshi natijalarga erishilmoqda.
Joriy yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” himoya oʻrmonzorlari barpo etiladi. Ushbu “yashil qoplamalar”ni barpo etish va xatosini toʻldirish uchun jami 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi choʻl oʻsimliklarining urugʻlarini jamgʻariladi. 100 gektar maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan nihol xonalar tashkil etiladi. Zarur miqdordagi texnika va mexanizmlar, mutaxassis va ishchi-xodimlar, shuningdek ixtiyoriy ravishda aholi oʻrmon meliorativ tadbirlarni amalga oshirish uchun jalb etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-yanvarda farmoyishi asosida joriy yilda “yashil qoplamalar” barpo etishni moliyalashtirish belgilandi. Mazkur farmoyish boʻyicha joriy yilda Orol dengizining suvi qurigan tubida 2023-yilda “yashil qoplamalar” barpo etish uchun jami 25 mlrd. soʻm mablagʻlar talab etiladi.
Moliyalashtirish manbalari boʻyicha Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasidan 5 mlrd. soʻm, Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasidan 5 mlrd. soʻm, Aksiyadorlik tijorat banklaridan 5 mlrd. Soʻm, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 10 mlrd. soʻm ajratiladi. Bundan tashqari, oʻtgan yillardagi mavjud qarzdorliklar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 5,5 mlrd. soʻm maqsadli mablagʻlarni ajratilishi koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Orolboʻyi mintaqasi boʻlgan Navoiy viloyatida 50 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar hamda Xorazm viloyatida 11 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi.