Orol muammosi yapon nashriyoti nigohida

    “OISCA”jurnalining yanvar oyiga mo‘ljallangan sonida “Olisda bo‘lsa ham yaqin O‘zbekiston” sarlavhali maqola chop etildi.

    Maqola O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Fumixiko Kato va OISCA tashkiloti prezidenti Esuko Nakanoning qo‘shma suhbati tafsiloti shaklida o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.

    Unda suhbat ishtirokchilari O‘zbekiston va Yaponiyaning tarixiy bog‘liqligi va mavjud do‘stlik rishtalarini, jumladan, o‘tgan 30 yil davomida ikki davlat yuqori darajadagi ishonch o‘rnatish, ikki tomonlama hamkorlikning zarur mexanizmlarini yaratish, xalqaro maydonda yaqindan hamkorlikni hamda o‘zaro qo‘llab-quvatlashni yo‘lga qo‘yishga erishganini taʼkidlashgan.

    Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga buyurgan birinchi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda unutilmas tarixiy voqea bo‘lgani holda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yana-da jadal rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratish imkonini bergani alohida qayd etilgan.

    Asosiy eʼtibor O‘zbekistondagi bugungi ekologik holat va dolzarb masalalarga qaratilar ekan, iqlim o‘zgarishi va ekologik masalalar mamlakatga ham o‘z salbiy taʼsirini ko‘rsatayotganligi, xususan, bu jarayonlar Markaziy Osiyoda dunyoning boshqa ko‘plab mintaqalariga qaraganda ancha jadal kechayotgani bayon qilingan.

    Shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan qurg‘oqchilik va suv tanqisligiga qarshi kurashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish borasida qatʼiy saʼy-harakatlar amalga oshirilayotganligi maʼlum qilingani holda Yaponiya ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonning atrof muhitini himoya qilish yo‘nalishidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganligi va ko‘plab ekologik muammolarning yechimida ko‘mak ko‘rsatayotgani qayd etilgan.

    Orol dengizidagi ekologik muammo maqolaning asosiy mavzusi sifatida qalamga olinar ekan, ushbu ekologik fojiasi yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanishi, ichimlik suvi yetishmasligi, to‘yib ovqatlanmaslik, mahalliy aholi salomatligi va turmush sharoitining og‘irlashishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelgani taʼkidlangan.

    Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Orol halokati oqibatlarini minimallashtirish va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha bir qator uzoq muddatli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, jumladan, 2018 yilda Turkmanistonda o‘n yillik tanaffusdan so‘ng Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani va shu yili O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tashkil qilingani qayd etilgan.

    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2021 yil 18 may kuni «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyaning qabul qilingani va ushbu rezolyutsiyaga dunyoning 60 ga yaqin davlati, jumladan, Yaponiya hammualliflik qilgani alohida taʼkidlangan.

    Shu bilan birga, maqolada 2022 yil noyabr oyida OISCA tashkiloti tomonidan 10 yil davomida Orol dengizining qurigan hududining 40 ming gektar maydonini ko‘kalamzorlashtirish loyihasiga start berilgani, mazkur loyiha Orolbo‘yidagi ekologik vaziyat va aholi farovonligini yaxshilashga ko‘maklashishiga umid bildirilgan.

    Maʼlumot uchun: 1961 yilda Tokio shahrida tashkil qilingan OISCA (The Organization for Industrial, Spiritual and Cultural Advancement) nodavlat xalqaro tashkilotining asosiy faoliyati ekologik, ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy jihatdan insoniyat rivojiga xizmat qilishga yo‘naltirilgan. Shu maqsadda tashkilot tomonidan yoshlar salohiyatini oshirish, ekologik taʼlim berish, qishloqlarni rivojlantirish, o‘rmonlar va dengiz resurslarini saqlash va tiklash bo‘yicha loyiha va dasturlar amalga oshiriladi. Bugungi kunga qadar dunyoning 41 dan ortiq mamlakatida 20 ga yaqin ana shunday dasturlar hayotga tadbiq etilgan.