Orolning artemiya sistalari

    Yaqin istiqbolda yiliga 30 million dollarga eksport qilinib, 500 ta doimiy, 2 mingta mavsumiy ish o'rni yaratish imkonini beradi.

    Joriy yil 9-mart kuni Prezidentimizga Qoraqalpog'iston Respublikasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimot qilindi. Ulardan biri artemiya sistasini qayta ishlash bo'yicha loyiha bo'lib, bu borada faoliyat ko'rsatadigan davlat unitar korxonasining eksport quvvatini 30 million dollarga yetkazish mo'ljallanmoqda.

    “Yangi O'zbekiston” gazetasining o'tgan yil 4-avgustdagi sonida ushbu mitti jonivorning Orolda ko'payib borishi omillari va uni qayta ishlash imkoniyatlari haqida tahliliy maqola chop etilgan edi. Mavzuni davom ettirar ekanmiz, tabiiyki, ko'zda tutilayotgan yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish, eksportni kengaytirish, ish o'rinlari ochish imkoniyatlari e'tiborimiz markazida turdi.

    Yuz million yillik oddiy organizm

    O'tgan asrning ikkinchi yarmiga qadar Orol dengizida baliqning 60 dan ziyod turi mavjud bo'lib, ularning 40 dan ortig'i ovlangani va qayta ishlangani allaqachon tarix sahifalaridan joy olgan. Endilikda uning suvida faqat bitta jonzot — artemiya yashayapti. U jabraoyoqlilar turkumiga mansub qisqichbaqasimonlarning bir turi hisoblanadi.

    O'zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog'iston bo'limi olimlari tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlar 1990 yillarning o'rtalariga kelib artemiyalar Orol dengizining O'zbekiston tomonidagi akvatoriyasini to'la egallay boshlaganini ko'rsatdi. Dengizning jadal sur'atlar bilan quriy boshlashi va sho'rlanishining ortib borishi buning asosiy omillaridan biri bo'ldi. Tabiiyki, sho'rlanish oshgan sari dengizdagi jonzotlar qirila boshladi, bu, o'z navbatida, artemiyalarning ko'payishiga sharoit yaratdi

    Qoraqalpog'iston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi bosh mutaxassisi Alisher Yoqubovning tushuntirishicha, artemiyalar er yuzida, asosan, xlorli, sulfatli, karbonatli, har litrida 300 grammgacha tuzi bor sho'r suvda yaxshi ko'payadi. Ular mutatsiyaga uchramay, 100 million yillardan buyon o'zgarishsiz yashab kelayotgan oddiy organizm hisoblanadi. Dunyoda ushbu jonivorning bir nechta xili bo'lib, Orolda yashayotganlari Artemia Parthenogenetica turiga kiradi.

    Keyingi o'n yillikda Orol dengizi suv havzasining sho'rlanishi, harorati va kislorod miqdori artemiyalarning rivojlanishi uchun juda qulay muhit yaratdi. Ularning urg'ochisi bo'lishiga qaramay, o'z-o'zidan ko'payish xususiyatiga ham ega. Ana shu davrda havzaning qirg'oqlari bo'ylaridagi suvlar qizg'ish, pushti tusga kiradi. Bu uning tuxumi, ya'ni tsistalari dunyoga kelishi eng qizg'in pallaga yetganini namoyon etadi.

    Orol bo'ylaridagi ko'llarda tsistalarning o'rtacha diametri 235,5 mikromillimetr. Uni faqat mikroskop yordamida ko'rish mumkin. Artemiya tsistalari yig'ib olingandan keyin maxsus tayyorlangan hovuzga suv quyilib, belgilangan haroratda lichinkalar paydo qilinadi.

    Noyob mahsulotni ishlatish va eksport qilish ko'lamlari

    Dunyo tajribasida artemiya tsistalari asosida olingan mahsulotlar 5 ta sohada, ya'ni akvamadaniyat sanoatida, qishloq xo'jaligida, farmatsevtika, tibbiyot va kosmetologiyada keng qo'llaniladi.

    — Ularning qariyb 90 foizi akvamadaniyat sohasida ishlatiladi, – deydi Alisher Yoqubov. — Chunki ushbu noyob mahsulotning tarkibi protein, aminokislota va vitaminlarga boy. Qishloq xo'jaligi sohasida hayvonlarning biofaol qo'shimcha ozuqasi, veterinariyada dori vositasi hamda o'g'it sifatida mikrobiologik jarayonlarni faollashtirishda juda asqatadi.

    Farmatsevtika, tibbiyotda artemiya tsistasi boyitilgan ozuqa mahsuloti sifatida juda mashhur. Uni endokrin va qon tomiri tizimi kasalliklarining oldini olishda, oziqlanishda biologik faol qo'shimcha sifatida, shuningdek, nuklein kislotasi, yod manbasi, kantseregon kasalliklarni davolashda saratonga qarshi dori sifatida qo'llanadi.

    Artemiya tsistasining yana bir xususiyati, u terining immunitetini tabiiy mustahkamlaydi, ultrabinafsha nurlardan asraydi, rangini yaxshilaydi. SHuning uchun ushbu mahsulot butun dunyoda, asosan, rivojlangan Sharq davlatlarida kosmetologiya sohasida bebaho mahsulot hisoblanadi.

    AQSH, Xitoy, Rossiya, Qozog'iston artemiya tsistasini jahon bozoriga etkazib beruvchi etakchi mamlakatlar sirasiga kiradi. Lekin Qozog'iston o'z mahsulotini xomashyo sifatida 2 dollardan xorijga sotayotgan bir kezda Rossiya uni qayta ishlash orqali 12 dollardan eksport qilyapti.

    Qizig'i shundaki, jahonda artemiya tsistasini ishlab chiqarish va sotish bo'yicha Bel`giyaning NV kompaniyasi peshqadamlik qiladi. Aslida esa mazkur mamlakatda umuman bu jonzotning o'zi yo'q. Xomashyo chetdan keltiriladi va uning 500 grammlik tayyor mahsuloti 150 yevro turadi.

    Mutaxassislar fikricha, agar chuqur qayta ishlashni yo'lga qo'yish uchun zarur sharoit yaratilsa, tayyor mahsulotni 50 dan to 250 dollargacha sotish imkoniyati mavjud.

    Orol dengizining mamlakatimiz hududidagi qismidan artemiya tsistalarini yig'ib oluvchi tadbirkorlik subyektlari soni yil sayin ortib bormoqda. 2010 yilda 1 ta sub'ekt, 2018 yilda 23 ta subyekt shu faoliyat bilan shug'ullangan bo'lsa, o'tgan yilga kelib ular soni 45 taga yetdi.

    — Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi “Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi ob'ektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-tamoyillaridan o'tish tartibi to'g'risidagi nizomga o'zgartirish va qo'shimcha kiritish to'g'risida”gi qaroriga asosan, tadbirkorlik subyektlari artemiya tsistalarini yig'ib olish hajmlari kvotasi bo'yicha qo'mitamizga murojaat qiladi, — deydi Alisher Yoqubov. — Ular faoliyati o'rganilib, tahlillar asosida xulosa qilinadi. 2020-yilga kelib qo'mitamiz tomonidan ruxsatnoma olgan subyektlar orasida Xitoy, Rossiya, Qozog'iston, Vyetnamdan sarmoya kiritib, bu erda qo'shma korxona shaklida ishlayotgan investorlar ham bor. Ular yig'ilgan artemiya tsistalarini shu erda birlamchi qayta ishlab, eksport qilish bilan ham shug'ullanadi.

    Mo'ynoqda joylashgan “Aralskaya artemia“ qo'shma korxonasi ana shunday sub'ektlardan biri. U 2017 yilda tashkil topganida, orzu-maqsadlar katta, lekin rostini aytganda, imkoniyatlar haminqadar, tavakkalchilikka asoslangan edi. YA'ni, izlanuvchan tadbirkor Sa'dulla YUsupovning rejasi aniq, 130 kilometr nariga chekingan Orolda artemiyalar mo'l bo'lishiga qaramay, mahsulotga dastlabki ishlov beruvchi mo'jazgina sexga ham ega emas edi.

    Ana shunday bir kezda, 2017-yilning 28-fevralida e'lon qilingan “Qoraqalpog'iston Respublikasi Mo'ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori aholida yaqin kelajakka ishonch uyg'otgan bo'lsa, unga va boshqa tadbirkorlarga rivojlanish uchun keng yo'l ochdi. Unda 52,3 milliard so'm bo'lgan 72 ta loyiha amalga oshirilishi ko'zda tutilgan bo'lib, hududga sarmoyadorlarni kengroq jalb qilish va tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida bank kreditlari, foydalanilmay yotgan bo'sh binolarni ajratishga ham alohida ahamiyat qaratilgan edi.

    — O'tgan asrning oltmishinchi, yetmishinchi yillarida yaqin-yiroqqa mashhur bo'lgan Mo'ynoq baliq konserva zavodi binolari uzoq yillardan buyon ishlamatilmagani bois qarovsiz, xaroba holga kelib qolgan edi, — deb eslaydi tadbirkor. — Ana shunday binolarning kichkina bir bo'lagi korxonamizga ajratib berildi. Biz uni to'la qayta qurib, artemiya tsistalariga dastlabki ishlov beruvchi tsexga aylantirdik . Ish ko'lamiga qarab, unga sovutgichlar xarid qildik, maxsus hovuzlar qurdik, suvni fil`tirlovchi uskunalar o'rnatdik.

    Bu, o'z navbatida, mahsulot sifatini yaxshilashga, eksport ko'lamini oshirishga imkoniyat yaratdi. Mas'uliyati cheklangan jamiyat negizida rossiyalik va xitoylik hamkorlar bilan qo'shma korxonalarga asos solindi. 2018-yilda eksport miqdori atigi 200 ming dollar atrofida bo'lsa, 2000-yilda pandemiya davri murakkabliklariga qaramay, bu miqdor besh barobarga oshdi. Yuzdan ortiq mo'ynoqlik ish bilan ta'minlangan.

    Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi “Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida 1 trillion 485 milliard 176 million so'm mablag' ajratildi. O'tgan yilning o'zida qator obyektlar qurildi, kapital ta'mirlandi va foydalanishga topshirildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy korxonalar qad rosladi. Mo'ynoq har jihatdan ko'rkam va zamonaviy maskanga aylandi. Buning amaliy misoli sifatida artemiya tsistalarini qayta ishlab, hududning eksport hajmi ortishiga salmoqli hissa qo'shib kelayotgan "Jasmine gold group" MCHJ korxonasini ham keltirishimiz mumkin.

    Korxona menejeri Omonyo'l Mambetovning tushuntirishicha, artemiyalarni to'lqin va shamollar dengiz qirg'oqlariga surib keladi yoki chiqarib tashlaydi. Ularning vazni qumdan ham engil. Bir grammida 210-230 ta faqat mikroskop orqali ko'rish mumkin bo'lgan jonivor bo'ladi. Ular moslamalarda yig'ib olinadi, Mo'ynoqdagi korxonaga keltirilib, maxsus tayyorlangan hovuzda belgilangan harortada lichinkalar paydo qilinadi. Bu lichinkalar, ayniqsa, baliq va qisqichbaqalarning eng mazali taomi. Masalan, oddiy omixta em bilan boqilgan baliq lichinkalarining 50 foizi tirik qolib o'sadigan bo'lsa, artemiya tsistalari bilan oziqlanganlarining 90 foizdan ko'prog'i hech qanday kasalliksiz rivojlanadi. Artemiyani yoz oylarini hisobga olmaganda yilning boshqa mavsumlarida bemalol yig'ish mumkin.

    Orol haqida gap borganda, ko'pchilik uning fojeali tomonlarini ko'z o'ngiga keltiradi, deydi Sa'dulla Yusupov. — Lekin, bu to'g'ri emas. Yuzlab turdagi qushlar makon qurgan Sudoche” va uning yonidagi ko'llarni, xuddi o'zga sayyoraga o'xshab ketadigan Ustyurt chinklarini, kan`onlarini, Ustyurt kengliklaridagi tarixiy obidalarni ko'rgan kishi bu makonga mehr bog'lashi tabiiy.

    Yana bir qiziq holat. Sudoch`e va uning atrofidagi ko'llarni flamingolar ham vatan qilgan. Mahalliy tilda qizilg'oz deb ataladi. Ular mollyuskalar, hasharot lichinkalari va qurt-qumursqalar bilan ham oziqlanadi. Lekin uning asosiy ozuqasi mayda qizil artemiya va uning tuxumi (tsistasi). SHu bois bahor-kuz oylarida Orol dengizi qirg'oqlarida flamingo to'dalarini uchratish mumkin. eng qizig'i, flamingolar ushbu artemiyalar bilan oziqlanib, tanasiga yog' yig'adi, natijada pushti rangga kira boshlaydi. Ular, ayniqsa, ko'payish vaqtida artemiyani ko'proq tanovul qilar ekan.

    Tadbirkorning qayd etishicha, ayni kunda rossiyalik ishbilarmonlar bilan artemiyaning yangi turlarini parvarishlash ustida ish olib borilmoqda. Loyiha ishga tushsa, uning bir grammida 240-270 ta artemiya hosil qilish mumkin bo'ladi. YAponiya, eron, Tojikiston tadbirkorlaridan ham ushbu mahsulot eksportiga doir turli xildagi takliflar ilgari surilyapti.

    Haqiqatan, chet elda Orolda tayyorlanayotgan artemiya sistalariga bo'lgan talab yil sayin ortib boryapti. Barcha tadbirkorlik subyektlari tomonidan 2018-yilda 568,6 tonna tsista 1,8 million AQSH dollariga sotilgan bo'lsa, 2020-yilga kelib bu miqdor mos ravishda 2040 tonnani va 8 million 203 ming dollarni tashkil etgan. Bu 2019-yildagiga nisbatan eksport hajmi 4,2 barobar ortganidan dalolat beradi.

    YAna bir muhim jihati, yaratilayotgan ish o'rinlari ham ko'payib boryapti. Tadbirkorlik subyektlari mavsumiy ishga jalb etganlarni ham hisobga olganda, mo'ynoqlik 500 dan ortiq fuqaro doimiy daromad manbaiga ega bo'lmoqda.

    Yangi loyihalar, yangi ish o'rinlari

    2020-yilning 11-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog'iston Respublikasi Mo'ynoq tumani hokimligi huzurida “Orol artemiya sanoat” davlat unitar korxonasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarori qabul qilingan edi. Artemiya tsistasini ovlash va qayta ishlashni kompleks rivojlantirish dasturlarini, ushbu sohada ilmiy-texnik, texnologik, investitsiya va eksport faoliyatini amalga oshirish mazkur korxonaning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Jonzotlarning tabiiy o'sish maydonlaridan oqilona foydalangan holda, artemiya tsistasini sanoat asosida chuqur qayta ishlash hamda ulardan yuqori qo'shilgan qiymatga ega bo'lgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi quvvatlarni tashkil etishda ilg'or texnologiyalarni joriy etishga ham alohida e'tibor qaratiladi.

    — Prezidentimizga shu yil 9-mart kuni Qoraqalpog'istonda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti chog'ida Orol sistasi bo'yicha davlat unitar korxonasi tomonidan yaqin istiqbolda qilinadigan ishlar bo'yicha ham ma'lumot berildi, — deydi Qoraqalpog'iston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o'rinbosari Alibek Kamolov. — Mazkur loyihaga Turkiya, Xitoy, Rossiya va Belgiya investorlari tomonidan kiritiladigan 30 million dollarlik investitsiya evaziga korxona tashkil etib, yiliga 3 ming 500 tonna artemiya tsistasini qayta ishlashni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Uning eksport quvvati 2023-yilga borib 30 million dollarga etishi, Bel`giya, Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Vyetnam, Latviya kabi mamlakatlar mahsulotning asosiy xaridori bo'lishi mo'ljallangan. Zamonaviy texnologiyalar asosida ishlovchi korxonada 500 ta doimiy, 2 mingta mavsumiy ish o'rni yaratiladi.

    Loyihaning o'z vaqtida bajarilishi va izchil rivojlantirilishi jahon bozorida O'zbekiston yana bir sohada yetakchilar safidan munosib o'rin egallashiga imkoniyatdir. Yana bir muhim jihati, Orolning artemiya sistalari o'zining tabiiy xususiyati va tarkibi bo'yicha dunyoning boshqa joylaridagi turdoshlaridan ustun bo'lsa ustunki, hech kam emas. Aslida bu ham Yaratganning Orolbo'yining o'ta og'ir ekologik sharoitda umrguzaronlik qilayotgan odamlariga bergan yana bir bebaho in'omi. Bu boylikdan oqilona foydalanish, korxonalar o'rtasida sog'lom raqobat muhitini rivojlantirish, yangi bozorlarni tobora kengroq egallash so'zda emas, amalda ustuvor vazifaga aylanishi kerak. Ana shunda ezgu maqsadlar xayrli ishlarga xizmat qiladi, Orol bo'yida yashayotganlarning daromadiga daromad qo'shiladi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi