Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Toshkent viloyati hokimligi hamda viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi bilan hamkorligida tashkil etilgan musobaqaga “Oʻzbegim otlari” ot zavodi mezbonlik qildi.
Musobaqa davlatimiz rahbarining joriy yil 11-martdagi “Yilqichilik va ot sportini yana-da rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilan vazifalar doirasida tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatda ot sportini hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlarini aholi oʻrtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida qator ishlar qilinyapti.
Xususan, bugungi musobaqadan ham koʻzlangan maqsad — ot sport turi bilan shugʻullanuvchilarni boshqa davlat sportchilari bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida mutaxassislarni tayyorlash, sohada yaxshi natijalarni qoʻlga kiritishiga koʻmaklashishga qaratilgan, deb xabar berdi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Bugungi musobaqada ham nafaqat yurtimiz, balki qoʻshni davlatlardan kelgan 30 dan ortiq nomdor sportchilar ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, Toshkent viloyati jamoasi vakili 1- oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻoliblarga kubok, diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.