баннер
26 Apr 2025
05:56

    Orzuning izidan...

    Dars tugashi bilan mahallamizdagi bolalar bilan dalaga mol boqishga chiqardik. Qoʻlimda mahkam tutilgan arqonda bitta sigir. Uchinchi sinfdan to toʻqqizinchi sinfgacha oʻsha goavmishimni boqdim.

    Sheriklarimning sigirlari yil sayin koʻpayardi. Mening esa bitta sigirim va uning har yili bozorga sotiladigan birgina buzogʻim boʻlardi. Uni ham doim sutdan ajralgach mol bozorga solardik.

    Bozordan buzoqni sotmasdan qaytishning iloji boʻlmasdi. Sababi shu buzoqning puliga gʻalla olib, qishga ozuqa tayyorlardik. Baʼzan yozda nonni ham oʻlchab yegan kunlarimiz boʻlgan. “keyingi bugʻdoy pishigʻigacha yetishimiz kerak”, — derdi yenam.

    Ammo shunday sharoitda ham yuragimda umid oʻchmasdi. Shaharda oʻqishni yaxshi inson boʻlib yashashni orzu qilardim. Dalalarda mol boqarkanman, bekor oʻtirmaslik uchun kitob oʻqirdim. “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Ot kishnagan oqshom”. Ular men uchun yurakni orzular bilan sugʻoruvchi shijoat manbai edi.

    Mahalladagi yigitlari esa masxara qilar, senga oʻxshagan kambagʻallar mana shu togʻlar orasida nomi chiqmay oʻlib ketadi. Shaharda boylarning bolasi oʻqiydi. Oʻzi zoʻrgʻa kun kechirib oʻtirgan boʻlsanglar, shaharda kimni koʻzi uchib turgan ekan, derdi. Tishimni tishimga qoʻyib, jim ketardim.

    Orzular sari odimlab axiri oyogʻim poytaxtu azimga yetdi. Toshkentga kelganimda turli qiyinchiliklarga duch keldim. Ancha yillar qoʻylik bozorida aravakashlik qildim. Taqdirning sinovlaridan oʻtishga harakat qilardim.

    Ancha yillar orzu qilib yurgan oʻqishimga ham kirib, institutni aʼlo baholarga tamomlab mutaxassisligim boʻyicha, ishga kirdim. 10-yil ichida turli tashkilotlarda mehnat qilib, koʻp ustozlardan saboq oldim.

    Intilishlarim zoye ketmadi. Yoshligimdan orzu qilgan tashkilotga ishga kirdim. Taqdir taqozosi bilan, birinchi marta qatnashgan yigʻilishim aynan “kadrlar tanlovi” mavzusida boʻldi.

    Oʻsha yigʻilishda tashkilot rahbari, koʻp yoshlarning ustozi, yuksak fikrli inson — shunday dedi:

    — Bizga tanishi bor, puli bor insonlar emas, iqtidori bor, orzu qilgan, xatosidan saboq oladigan va yaratganga suyanadigan vijdonli yoshlar kerak.

    Bu soʻzlar butun vujudimni larzaga soldi. Oʻtmish koʻz oldimdan jonlandi. Sigir boqib, buzoq sotgan pallalar, orzu bilan oʻqilgan kitoblar, masxara qilgan yigitlar va men, qishloqning dalasidan turib osmonga boqqancha, Xudoga shivirlagan duolarim: “Bitta imkoniyat, faqat bittasini ber…”

    Agar oʻsha payt kulib qaragan yigitlarga ishonganimda, men bugungi manzilda emas, balki oʻsha xira umrning bir burchagida qolib ketgan boʻlardim. Chunki ular orzuni oʻldiradigan, aqlga emas, jahlga suyanadigan insonlar edi.

    Oʻsha vaqtda yuragimni ogʻritgan yigitlarga aynan shu rahbarning soʻzlarini yetkazgim keladi. “Bizga tanishi bor, puli bor insonlar emas, iqtidori bor, orzu qilgan, xatosidan saboq oladigan vijdonli yoshlar kerak”.

    Chunonchi, hayotning ogʻrigʻi bilan sugʻorilgan orzular bir kun kelib gullashi mumkin.

    Zero, choʻlda ham bahor kelishini kutayotgan nihol ildizi boʻlishi mumkin. Va ehtimol, uning oʻsishiga yoz yomgʻiri, bir kutilmagan imkoniyat kifoya qilar.


    Elbek SHOYIM

    Telegram kanalimiz
    Text to speech