Fargʻona viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida zamonaviy fitosanitariya, oʻsimliklar va mevali daraxtlar kasalliklarini aniqlovchi laboratoriya uskunalari xorijdan olib kelinib foydalanishga topshirildi.
Laboratoriyada oʻsimliklarga zarar keltiruvchi, oddiy qurilmalarda tekshirib boʻlmaydigan virusli va bakteriologik kasalliklarni 30 dan ziyod zamonaviy asbob-uskunalar yordamida aniqlash imkoniyati yaratildi.
Laboratoriyaga oʻrnatilgan yangi asbob-uskunalardan foydalanish boʻyicha pokistonlik mutaxassis, doktor Amir Malik Humoyun boshqarma xodimlari bilan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazdi. Bir haftalik treninglar yakunida maxsus sertifikatlarga ega boʻlgan fargʻonalik mutaxassislar mustaqil ravishda laboratoriya tahlillarini amalga oshirish huquqiga ega boʻldi.
Loyiha koordinatori Kamoliddin Karimovning aytishicha, ushbu laboratoriya ishga tushirilishi munosabati bilan nafaqat viloyat, balki Fargʻona vodiysi hududiy tadbirkorlari, fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda shaxsiy tomorqa yer egalari avvalgidek Toshkent shahriga borish, navbat kutish kabi qiyinchiliklardan qutilishdi.