O'zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan “vaqt va chastota etaloni” yaratildi.
Bugungi kunda yurtimizda telekommunikatsiya, moliya operatsiyalari, energetika, transport, mudofaa, navigatsiya kabi qator sohalarning faoliyati zamonaviy texnologiyalarga asoslangan holda olib borilmoqda. Jumladan, aloqa davomiyligi, uning sifati, axborot almashinuvi va xavfsizligi, bank tranzaktsiyalari, aviatsiya xavfsizligi, mudofaa salohiyatini ta'minlash, shuningdek, olib borilayotgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirishda yuqori aniqlikdagi o'lchashlarda vaqt va chastota sohasidagi o'lchash natijalarini metrologik kuzatiluvchanligini ta'minlash uchun aniq vaqt va chastota signallari zarur hisoblanadi.
Mamlakatimizda yuqorida qayd qilingan sohalarda aniq vaqt bo'yicha tegishli ma'lumotlar turli vaqt manbalari bilan sinxronlashtirish orqali olinishi ta'minlanmoqda. Bu o'z o'rnida vaqt bilan bog'liq milliy va xalqaro darajadagi faoliyatlarda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan tafovutlar sabab barqarorlikni ta'minlashga to'sqinlik qiladi.
Xalqaro tajribada ushbu muammolarni bartaraf etish va oldini olish maqsadida davlat darajasida “vaqt va chastota xizmati” joriy etilgan. Ushbu xizmatlar nafaqat mamlakatda aniq vaqt signallarini uzatadi, balki Xalqaro o'lchovlar va tarozilar byurosining (BIPM) Xalqaro atom vaqti (TAI) guruhi a'zosi sifatida muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC)ni shakllantirishda muhim hisoblanadi. Ma'lumot uchun, ushbu xizmat Germaniya, Rossiyada va Fransiyada qonun asosida, Belorusiya, Turkiya va Qozog'istonda hukumat qarorlari asosida tashkil etilgan.
So'nggi yillarda O'zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini yangilash borasida jadal ishlar olib borilmoqda. Xususan, oxirgi 5 yil ichida etalonlar soni 2,5 barobarga (9 tadan 24 taga) oshdi, jumladan, vaqt va chastota xizmatining texnik asosi hisoblangan “vaqt va chastota etaloni” olib kelindi.
Ushbu vaqt va chastota etaloni Turkiya milliy metrologiya instituti (TÜBİTAK UME) va O'zbekiston milliy metrologiya instituti hamkorligi asosida yaratilib, etalon uchun maxsus infratuzilmaga ega laboratoriyani ishga tushirish ishlari yakunlandi.
Mazkur etalon vaqt va chasota birligini hosil qiluvchi 2 ta seziy soati, global navigatsiya tizimi orqali (GPS, GLONASS, Galileo) vaqt va chastota qiymatlarini uzatuvchi va qabul qiluvchi maxsus tizimlardan tashkil topgan. Ushbu vaqt va chastota xizmatini davlat miqiyosida tashkil etish O'zbekistonning milliy vaqti va taqvimi bo'lishiga, respublikaning aniq vaqti va chastotalariga bo'lgan ehtiyojini ta'minlash bo'yicha ilmiy, texnik va metrologik faoliyatni amalga oshirishga hamda davlatning strategik vazifasini bajarishiga xizmat qiladi.