Namangan muhandislik-texnologiya institutida talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uygʻunlashtirishga xizmat qiluvchi yangi “Oziq-ovqat texnologiyasi” laboratoriya markazi foydalanishga topshirildi. Ushbu markaz joriy yilning 20-iyun kuni davlat rahbari boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan vazifalardan biri sifatida tashkil etilib, muhandislik sohasidagi taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqishga yoʻnaltirilgan. Mazkur laboratoriya zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, talabalar uchun 10 dan ortiq fan boʻyicha darslar oʻtish va 100 dan ortiq laboratoriya mashgʻulotlarini oʻtkazish imkonini yaratadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-yilligi bayrami arafasida ochilgan ushbu laboratoriya markazi asosan konditer mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Talabalar darsdan tashqari boʻsh vaqtlarida laboratoriyada turli xil pishiriqlarni ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etib, amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladilar. Bu nafaqat nazariy bilimlarni chuqurlashtirish, balki boʻlajak mutaxassis sifatida professional shakllanishlariga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, institutning “Oziq-ovqat texnologiyasi” kafedrasi qoshida tashkil etilgan spinn-off korxonasi orqali talabalar ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishadilar. Ushbu korxona yoshlarga oʻz bilim va malakalarini real amaliyotda sinab koʻrish imkonini berib, ularning kasbiy rivojlanishiga samarali koʻmaklashadi. Yangi laboratoriya markazi, shubhasiz, taʼlim sifatini oshirishda va zamonaviy kadrlar tayyorlashda muhim oʻrin tutadi.