Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tojikiston Respublikasi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi hamda Slovakiyaning “Shimko Group” korxonasi oʻrtasida tuzilgan innovatsion texnologiyalar transferi toʻgʻrisidagi memorandum doirasida Dushanbe shahrida “DB Biotexnologiya” (Slovakiya-Oʻzbekiston) laboratoriyasining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.
Mazkur laboratoriyada saraton kasalligini molekulyar tashxislash boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Slovakiyadan innovatsion texnologiyalar transferining amalga oshirilishi esa ikki davlat milliy tibbiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi.
Laboratoriya binosining tantanali ochilishi Tojikistondagi eng yirik saraton kasalliklari ilmiy markazi hududida tashkil etildi. Shuningdek, Abu Ali Ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universitetida ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Oʻzbekiston, Tojikiston, Slovakiya Respublikasi tibbiyot hamjamiyatining nufuzli olimlari, mutaxassislari, amaliyotchi-mutaxassislari konferensiya ishida ishtirok etib, ilmiy maʼruzalarini taqdim qildi. Oʻzbekiston, Tojikiston va Slovakiya olimlari oʻrtasida onkologik kasalliklar diagnostikasining zamonaviy usullari, Oʻzbekiston va Tojikistonda qoʻshma ilmiy laboratoriyalarni rivojlantirish rejalari va istiqbollari, tibbiyotni rivojlantirish sohasidagi xususiy va davlat tashabbuslari hamkorligi muhokama qilindi.
Oʻzbekiston va Tojikistonda “DB Biotexnologiya” laboratoriyalarining ochilishi oʻsmalarning gistologik turini aniqlashda, saraton kasalligini differensial tashxislashda eng yuqori samaradorlik va aniqlikka erishishga imkon beradi. Shuning uchun respublikalarning tibbiyot muassasalari uchun target terapiyani tanlashda va davolash natijalarini prognozlashda yordam beradi.
Mazkur laboratoriyalar tarmogʻini kengaytirishning muhim bosqichi milliy ilmiy-ishlab chiqarish bazasida onkologik va autoimmun kasalliklarni davolashda foydalaniladigan antitanachalarni ishlab chiqish boʻladi.