Osiyo taraqqiyot banki agrar sohani rivojlantirishda ishonchli hamkor

    Investitsiyalar 12 Aprel 2023 2164

    Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy va Gʻarbiy Osiyo departamenti, Atrof-muhit, tabiiy resurslar va qishloq xoʻjaligi boʻlimi direktori Yasmin Siddiqi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi tizimida vazirlik tomonidan sohani modernizatsiya qilish, fermerlarga xizmat koʻrsatishning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish, butun oziq-ovqat zanjirida ishtirok etuvchilarning imkoniyatlarini oshirish va oʻzaro hamkorligini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, 2023-yildan boshlab, Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan chorvachilik, ipakchilik, baliqchilik, oʻsimliklar himoyasi, veterinariya kabi sohalarda Qishloq xoʻjaligi vazirligi yagona davlat siyosatini yurituvchi davlat tashkilotiga aylantirilgani taʼkidlab oʻtildi.

    Muloqot davomida Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sektorining uzoq yillik va ishonchli hamkori sifatida qayd etilib, hozirgi kunda Osiyo taraqqiyot bankining vazirlik bilan amalga oshirayotgan 3 ta loyihasining umumiy qiymati 347 million dollarni tashkil etishi va bugungi kunga qadar, ushbu loyiha doirasida ijobiy natijalarga erishilganligi eʼtirof etildi.

    Muzokaralarda, shuningdek, kelgusida vazirlik va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida umumiy qiymati 130 million dollarlik 2 ta yangi loyiha hujjatlari ishlab chiqilayotgani maʼlum qilindi.

    Uchrashuv yakunida Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida qishloq xoʻjaligida qoʻshimcha qiymat zanjirini yanada rivojlantirish va oziq-ovqat tizimining barqarorligiga erishish uchun hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.