Qarorda suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasidagi investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqish, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish koʻzda tutilgan. Shu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida 2019-yil 13-noyabrda “Oʻzbekiston Respublikasida shaharlarni rivojlantirish loyihalarini tayyorlashni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan 25 yilda qaytarish sharti bilan 15,0 million AQSH dollari miqdorida qarz berish toʻgʻrisida qarz bitimi imzolandi.
Loyihani amalga oshirish davri 4 yil boʻlib, bu vaqtda Toshkent viloyati shahar va tumanlarining ichimlik suv va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish loyihasi, ichimlik suv va oqova suv taʼminotini rivojlantirish dasturi hamda shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi kabi investitsiya loyihalari tayyorlanadi.