Qayd etilishicha, shu yilning 6–7-may kunlari Italiyaning Milan shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 58-yillik yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev rahbarligida ishtirok etdi.
Tashrifning asosiy natijasi — 2025–2026-yillar davomida OTB Boshqaruvchilar kengashi raisi vakolati Oʻzbekistonga oʻtishi haqida rasmiy eʼlon qilinishi boʻldi. Jamshid Xodjayev Kengash raisi sifatida tasdiqlandi, bu esa Oʻzbekistonga yetakchi xalqaro moliya institutlari tomonidan bildirilayotgan yuqori ishonchning yorqin tasdigʻi boʻldi.
Yigʻilish yakunlariga koʻra, OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishi 2026-yil may oyida Samarqand shahrida oʻtkazilishi haqida yakdil qaror qabul qilindi.
Tadbir doirasida 2025–2026-yillar uchun umumiy qiymati $3,6 milliard boʻlgan 23 ta yangi loyihani amalga oshirish dasturi imzolandi. Loyihalar taʼlim, ichimlik suvi taʼminoti, transport va moliyaviy-texnik yordam sohalari kabi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy yoʻnalishlarini qamrab oladi.