OTB Oʻzbekiston bilan yangi besh yillik hamkorlik strategiyasini boshladi

    Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekiston uchun 2024–2028-yillarga moʻljallangan mamlakatda yashil va inklyuziv iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi mamlakat bilan hamkorlik strategiyasini boshladi.

    Bu haqda OTB matbuot xizmati xabar berdi.

    Taʼkidlanishicha, yangi besh yillik strategiya doirasida OTB Oʻzbekistonning yashil iqtisodiyotga oʻtishida yordam berish, xususiy sektor rivojlanishi va raqobatbardoshligini qoʻllab-quvvatlash va inson kapitaliga sarmoyalarni ragʻbatlantirishni koʻzlagan holda Oʻzbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlik qiladi.

    "Strategiya hukumatning “Oʻzbekiston-2030” uzoq muddatli rivojlanish rejasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlariga mos keladi, deyiladi xabarda.

    “OTBning Oʻzbekiston uchun yangi hamkorlik strategiyasi mamlakatning 2030-yilgacha boʻlgan yashil iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha strategik maqsadlariga erishishda qoʻllab-quvvatlaydi”, - dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov. “OTB Oʻzbekistonning koʻp yillik ishonchli hamkori sifatida tashqi global va mintaqaviy zarbalarga qaramay mamlakatga barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash va kamtaʼminlanganlikni kamaytirishga yordam berishga sodiq qoladi”.

    Yangi strategiya OTBning energetika, davlat sektorini boshqarish, moliya, transport, qishloq xoʻjaligi va tabiiy resurslarni boshqarish hamda shaharlarni rivojlantirish kabi qator tarmoqlardagi faoliyatini oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari bank taʼlim va ijtimoiy himoyani rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi. 
    

    “Yangi hamkorlikning strategik maqsadlariga erishish uchun OTB siyosiy muloqot va innovatsion yechimlar bilan bir qatorda mamlakatdagi suveren va xususiy sektor operatsiyalarini jalb qiladi”, - dedi OTBning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi Direktori Kanokpan Lao-Araya.

    Iqtisodiyotda xususiy sektorning rolini kengaytirish uchun qulay muhitni qoʻllab-quvvatlash maqsadida OTB makroiqtisodiy va fiskal islohotlarni, shuningdek, davlat korxonalar transformatsiyasi va xususiylashtirishga tayyorlashni kuchaytiradi. Bank xususiy sektorning iqtisodiy rivojlanishdagi ishtirokini, jumladan, ichki moliya bozorlari va infratuzilma investitsiyalarini yaxshilash orqali qoʻllab-quvvatlaydi. OTB, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri suveren boʻlmagan moliyalashtirish va davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytiradi.

    Oʻzbekistonning 2030-yilgacha inson kapitalini rivojlantirish maqsadlariga erishish uchun OTB koʻmagi butun mamlakat boʻylab taʼlim va koʻnikmalarni oshirish sifati, inklyuzivligi va dolzarbligini oshirishga, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, shu jumladan xususiy sektorning keng ishtirokini ragʻbatlantirish orqali, shuningdek aholining eng ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish orqali qaratiladi. 
    

    OTB, xususiy sektor operatsiyalari sari oʻzining strategik siljishiga muvofiq, mahalliy va xalqaro kompaniyalar, investorlar va biznes birlashmalari bilan birgalikda moliyalashtirish boʻyicha hamkorlikni va muloqotni kengaytiradi. OTB, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, odamlarga sarmoya kilish, gender tengligini taʼminlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni qoʻllab-quvvatlash uchun fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni davom ettiradi.

    Oʻzbekiston OTBga 1995-yilda aʼzo boʻlgan va oʻshandan beri bank mamlakatga 12.5 mlrd. AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik koʻmak taqdim etgan.