Osteomiyelit qanday ogʻir asoratlarni keltirib chiqaradi?

    Salomatlik 17 Dekabr 2022 7644

    Infeksiyalar hatto suyak toʻqimalarini ham zararlashga qodir. Bunday holatda butun tanamizni koʻtarib turgan, qaddimizni tik tutuvchi mustahkam tayanch-harakat aʼzolari oʻz vazifalarini toʻlaqonli bajarolmay qolishi mumkin.

    Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan shunday kasalliklardan biri — osteomiyelit alomatlari, diagnostika va davolash usullari hamda asoratlari haqida suhbatlashdik.

    — Osteomiyelit — koʻmikning yalligʻlanishi bilan kechadigan kasallik, — deydi mutaxassis. — Uni sodda qilib suyakning yiringli shamollashi, deb ham atasa boʻladi. Ushbu xastalik koʻpincha odam skeleti gʻovak suyaklarining boʻgʻimga yaqin joyida uchraydi. Bunga yiring hosil qiluvchi mikroblar, masalan, stafilokokk, streptokokk sabab boʻladi.

    Infeksiyalar suyak toʻqimasiga uzoqdagi yiring oʻchogʻi, xususan, chipqon, anginada yalligʻlangan murtak bezlaridan, yangi tugʻilgan bolalarda infeksiya tushgan kindikdan qon oqimi bilan kelishi mumkin. Yalligʻlanish sil, zaxm kasalliklari oqibatida ham paydo boʻladi.

    Qolaversa, odam sovuqda uzoq vaqt qolib ketsa, jarrohlik operatsiyasi jarayonida suyak toʻqimalariga infeksiya tushsa, bundan tashqari, jarohatlar oʻz vaqtida davolamanmasa, bu dardga yoʻliqish ehtimoli katta.

    Xastalikning oʻtkir va surunkali turlari bor. Oʻtkir gematogen osteomiyelit odatda 8-17 yoshda roʻy beradi. U koʻpincha badan sovqotganda yoki lat yeganda toʻsatdan boshlanadi.

    Bemor junjikib, harorati 39-40 darajagacha koʻtariladi, pulsi tezlashadi, koʻz oldi qorongʻilashib, uxlay olmaydi, alahlaydi. Soʻngra yalligʻlangan suyak ogʻriydi, ustidagi teri shishib, qizaradi. Yiring yorib chiqqanda esa harorat pasayib, bemorning ahvoli yaxshilanadi.

    Osteomiyelit oqibatida yiringli artrit rivojlanishi, suyak sinishi, sepsis paydo boʻlishi ham amaliyotda kuzatiladi.

    Shu bilan birga, osteomiyelit tez-tez qaytalanuvchi xastalikdir. Bu jarayonda asoratlar odam tanasining butun aʼzolariga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. Oqibatda boʻgʻimlar, asab tizimi, qon tomirlari, yurak, buyrak, jigar va boshqa yumshoq toʻqimalarda oʻzgarishlar yuzaga keladi.

    Jumladan, osteomiyelitga uchragan naysimon suyaklarda patalogik sinish, suyak toʻqimasining chirishi, oʻsishdan toʻxtashi kabi holatlar shakllanishi mumkin.

    Agar bemor kasallik boshlanganini darhol sezib, vaqtida davolansa, asoratlarsiz sogʻayib ketadi. Ammo suyak yemirilib, yiringlash qonga tarqalgan boʻlsa, sezilarli asoratlar qoladi.

    (Davomi bor!)

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.