Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan voyaga yetmaganlar oʼrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Аyni paytda tahlillar ijtimoiy himoyaga muhtoj chin yetimlar, ota-onasi chet elga ketgan, ajrashgan hamda notinch oilalar farzandlari baʼzan nazoratsiz va qarovsiz qolayotganligini koʼrsatmoqda. Oqibatda bunday bolalar jinoyat koʼchasiga ham kirmoqda yoki uning qurboni boʼlmoqda. Аyrim hollarda esa balogʼatga yetmagan yoshlar axloqiy tanazzulga yuz tutib, erta tugʼruqlarning, pirovardida yana baxtsizlarning dunyoga kelishiga sababchi boʼlmoqda.

Shu bois, Bosh prokuratura tashabbusi bilan shu kabi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan “Bola himoyasi” elektron dasturiy taʼminot tizimi ishlab chiqildi.

Bu tizim ota-ona qaramogʼisiz qolgan har bir bola toʼgʼrisidagi barcha zarur maʼlumotlarni oʼz ichiga oladi. U orqali har bir bolaning ahvoli, nima bilan mashgʼulligi, uning huquqi, erkinligi va manfaatini kim qay tarzda taʼminlayotganini bevosita kuzatish mumkin. Tizimning boshqa qator qulayliklari va afzal jihatlari ham mavjud.

Mazkur tizim sinov tariqasida Buxoro viloyatida muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Hozirda uni mamlakat miqyosida joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi tayyorlanmoqda.