Joriy yilning 27-aprel kuni Adiblar xiyobonida – Abdulla Qodiriy haykali yonida kitobning yurtimizdagi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda oʻgiruvchi Mark Riz ham qatnashdi.
Taqdimotda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Xurshid Doʻstmuhammad, adabiyotshunos Suvon Meli, professor Bahodir Karim, Abdulla Qodiriy uy-muzey direktori Xondamir Qodiriy, filologiya fanlari doktori Gulnoza Odilova tarjima va tarjimonning yutuqlari haqida soʻzladi.
– Romanni bir yarim yil oldin diqqat bilan oʻqib chiqdim, – deydi Gulnoza Odilova. – Men doktorlik tadqiqotimda oʻzbek milliy mentalitetidagi ovqatlanish, oila davrasidagi kommunikativ muloqot jarayonini tarjimada qanday berilganini tadqiqqa tortgandim va bunda “Oʻtkan kunlar”ning Ilhom Toʻxtasinov tarjimasiga qarab, judayam xafa boʻlgandim. Chunki u yerda judayam koʻp milliylikka oid soʻzlar tushib qolgan. Masalan, romanda Oʻzbekoyim Otabekni Zaynabni qaynotasinikiga charlarga oborishga majburlab turgan mahal oʻgʻli borgisi kelmay, xoʻr-xoʻrlatib choy ichadi. Yaʼni, bu yerda Otabek onasining gapiga yumor bilan javob qaytarayapti, befarqligini shu yoʻl bilan koʻrsatyapti. Bu esa Oʻzbekoyimning jahlini chiqaradi. Toʻxtasinov tarjimasida Otabek shunchaki ovqatlanib oʻtarardi, deyilgan. Xoʻrillatib choy ichish effekti yoʻq. Oʻzbekoyimning gapiga eʼtiborsizlik bilan, nima deyapsiz, deganday yumori tarjimada aks etmagan. Mark Riz oʻz tarjimasida mana shu effektni saqlagan, yaʼni onasining gapiga befarq boʻlib ogʻzini toʻldirib-toʻldirib choy ichib oʻtirgan Otabekning holatini inglizchada koʻrsata olgan.
Taqdimotda Mark Riz koʻrsatilgan hurmat uchun minnatdorlik bildirdi. Yurtimizdagi islohotlar toʻgʻrisida gapirdi. Prezidentning “Oʻtkan kunlar” romanidan keltirgan qoʻshxotinlik borasidagi iqtibosini esladi. Davlat rahbarining adabiyotga bu kabi eʼtibori va uning natijasi, albatta, boʻlishini eʼtirof etdi. Tashrifning ilk kunlari haqidagi iliq taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Bundan soʻng “Mehrobdan chayon” romanini tarjima qilish loyihasini rejalashtirayotganini aytdi.
660 sahifadan iborat kitobni varaqlasangiz, unda qoʻllangan atamalarga, oʻzbek xalqi madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarining oʻziga xos jihatlarini tushuntiruvchi 415ta izohni koʻrasiz. Tarjimani oʻqiganlarning aytishicha, kitobda shunchalik mehr bilan izohlar berilganki, tarixiy davr bormi, kasblar bormi, siyosiy jarayonlar bormi yoki bazmlarning nomimi, hamma-hammasi erinmasdan ifodalangan.
Chindan, axir bu uchun Mark Riz asar tarjimasiga 15 yillik umrini sarflagan-ku! Kitob ayni paytda “Amazon” kompaniyasining internet saytida sotilmoqda. Asar “5 yulduzli” reytingga ega boʻlgan.
Mark Riz Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini oʻzbek tilidan inglizchaga toʻliq oʻgirgan birinchi tarjimon. Tarjima uchun romanning 1926-yil bosilgan birinchi va qisqartirilmagan nashri tanlangan. Tarjima ishlari 2004-yilda boshlanib, 2019-yilda yakunlangan.
Taqdimotdan soʻng Mark Eduard Riz Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining xalqaro anjumanlar zaliga taklif etildi hamda unga uyushmaning faxriy aʼzolik guvohnomasi topshirildi.
Oʻzbekistonga tashrifini Abdulla Qodiriyning ramziy qabrini ziyorat qilishdan boshlagan Mark Riz adibning uy-muzeyini tomosha qildi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi jamoasi bilan uchrashdi. Abdulla Qodiriy memorial muzeyi kompleksi hamda “Turon” axborot-kutubxona markazi bilan tanishdi.
U shu yilning 8-mayiga qadar yurtimizning turli hududlari va tashkilotlarida boʻlib, koʻplab uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.
Eskartma: meni eng hayratlantirgani, tadbirlarda Mark Riz oʻzbek tilida juda chiroyli va ravon soʻzladi, hatto oʻzbekcha hazil qilib, yigʻilganlarni kuldirdi ham. Oʻzbekiston va oʻzbeklarni juda yaxshi koʻrishini oʻzbekchada qiynalmasdan ifodaladi.
Fozil Farhod