2022-yil 1- chorak yakuni boʻyicha respublikada mehnat resurslari soni 19 mln 400 ming nafarni tashkil etib, 2021-yilning shu davriga nisbatan 101,1 foizga yoki 220 ming kishiga oshgan. Ishga muhtoj boʻlganlarning umumiy soni 1 mln. 400 ming kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,2 foizni tashkil etdi. Ushbu koʻrsatkich 16-30 yoshgacha boʻlganlar orasida - 14,9 foiz, ayollar orasida - 12,8 foizni tashkil etdi.

2022-yilning yanvar-iyun oylari davomida 438 ming ish bilan band boʻlmagan shaxslarga bandlik xizmatlari koʻrsatildi. Buning uchun, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hamda Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 301 mlrd.soʻm mablagʻ ajratildi. Jumladan, tuman (shahar) Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan 210 ming nafar ishsiz, shuningdek, chet eldan qaytib kelgan fuqarolarni mavjud boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashishiga koʻmaklashildi

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlariga 13,0 ming nafar ehtiyojmand shaxslarni ishga joylashtirildi. Shuningdek, “Yagona milliy mehnat tizimi” elektron bazasi orqali 253 ming, shundan davlat tashkilotlarida 95 ming, xususiy subyektlarda 158 ming boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniqlandi. Mazkur boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ish.mehnat.uz va ish2.mehnat.uz saytlarida ommaga eʼlon qilinib, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish choralari koʻrilmoqda.

Ishsiz fuqarolarning vaqtinchalik bandligini taʼminlash maqsadida Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari hamda buyurtmachi ish beruvchilar bilan hamkorlikda vaqtinchalik Haq toʻlanadigan jamoat ishlari tashkil etilib, mazkur ishlarga 108 ming fuqarolar jalb etildi. Jamoat ishlariga jalb etilgan fuqarolarga ish haqi toʻlovlari uchun 108,0 mlrd.soʻm mablagʻ toʻlab berilib, vaqtinchalik daromad manbaiga ega boʻlishi taʼminlandi.

22 ming 247 nafar ishsiz “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga 54,4 mlrd.soʻm subsidiya mablagʻlari ajratish orqali bandligiga koʻmaklashildi. Jumladan, 18 ming 342 nafar fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatilarini yoʻlga qoʻyishlari hamda oʻzini oʻzi band qilishlari uchun 42 mlrd. 53 mln.soʻm, 3 ming 905 nafar fuqarolarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni ragʻbatlantirish maqsadlarida 12 mlrd. 345 mln.soʻm subsidiya mablagʻlari ajratildi.

Kasb-hunarga hamda yetarli malakaga ega boʻlmagan fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasblarga oʻqitish maqsadida “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasbga oʻqitish markazlari hamda mahalla fuqarolar yigʻinlarida kasbga oʻqitish maskanlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mehnat organlari yoʻllanmalari asosida 2022-yil yanvar-iyun oylari davomida 76 ming 47 nafar ish bilan band boʻlmagan fuqarolar kasb-hunarga, tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishga jalb etildi.

Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan oʻqishga jalb qilingan shaxslarga stipendiya va oʻquv xarajatlari uchun 22 mlrd. 225 mln.soʻm mablagʻ sarflandi. Shuningdek, kasb-hunarga oʻqitish kursalarini muvaffaqiyatli tamomlagan 3 ming 687 nafar fuqarolarga mehnat quroli va asbob-uskuna xarid qilish uchun 11 mlrd. 485 mln.soʻm subsidiya ajratish orqali egallagan mutaxassisliklari orqali oʻzini oʻzi band qilishiga koʻmaklashildi.

Ishsiz fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 20 ming 247 nafar ishsizlarga oʻzlari uchun munosib ish topguniga qadar 21 mlrd. 487 mln.soʻm ishsizlik nafaqasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirib berildi.