Qayd etilganidek, oʻtgan yil Davlat test markazi tomonidan 46 turdagi test sinovi oʻtkazildi. Ularda ishtirok etish uchun 1 mln 792 ming 40 nafar nomzod onlayn roʻyxatdan oʻtgan. Jumladan, oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish boʻyicha 1 009 663 nafar abituriyent onlayn roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, ulardan 892 242 nafari (94,1%) bevosita test sinovida ishtirok etdi. Test sinovlari 7-17-avgust kunlari boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, pandemiya sharoiti va tartibidan kelib chiqqan holda, koronavirus infeksiyasiga chalingan abituriyentlar uchun test sinovlari yakunlangandan keyin bir hafta oʻtib tashkil etildi. Bunda 982 nafar talabgordan 782 nafari ishtirok etdi. Davlat granti asosida oʻrtacha oʻtish bali – 125,4 ballni, toʻlov-kontrakt asosida oʻrtacha oʻtish bali – 101,7 ballni tashkil etdi.
Test sinovlari respublika boʻyicha 53 ta stadion va xiyobonlarda tashkil etildi va unda 3992 nafar oliy taʼlim va xalq taʼlimi tizimi xodimlari guruh nazoratchi sifatida jalb etildi. Qayd etish kerakki, guruh nazoratchilari tomonidan tartibga rioya qilmaslik holatlari kuzatilmadi. Oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarida 379 nafar abituriyent chetlatilgan.
Test sinovi natijalari sinov oʻtkazilgan kunning ertasi kuni eʼlon qilib borildi. Test sinovlarining yakuni boʻyicha tanlov natijalari Davlat komissiyasi tomonidan 2021-yil 3-sentyabr kuni eʼlon qilindi.
Joriy yilda 50 ga yaqin turdagi test sinovlarida 2 million nafarga yaqin talabgor test sinovidan oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlarida 1,0 milliondan ortiq abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda.
Test sinovi oʻtkazish joyi: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda 2 xil ssenariy asosida 94 ta katta sigʻimli pavilonlar hamda 53 ta stadion va xiyobonlar tanlab olindi. Ularning chizma loyihalari tayyorlanib, tegishli tashkilotlar bilan kelishilmoqda.