“OTP Bank Group” oʻzbek tijorat banklaridan birini xususiylashtirish orqali Oʻzbekistonga kirib kelishi mumkin

    Investitsiyalar 17 Fevral 2021 1023

    Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Vengriya Savdo-sanoat palatasi (CCP) prezidenti Lazlo Parrag, “OTP Bank Group” banki raisi va ijrochi direktori Shandor Chani bilan muzokara olib bordi.

    Joriy yilning 16-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Vengriya Savdo-sanoat palatasi (CCP) prezidenti Lazlo Parrag va “OTP Bank Group” banki raisi va ijrochi direktori Shandor Chani bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

    L.Parrag bilan boʻlib oʻtgan muloqotda ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida chorvachilik, qishloq xoʻjaligi, kimyo, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati kabi istiqbolli sohalarda muvaffaqiyatli sheriklik uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash imkonini berdi. Ikkala tomon umumiy bahosiga koʻra, xususiy kompaniyalar bilan birgalikda amalga oshirish uchun yetarli salohiyat va istiqbollarga ega boʻlgan bir qator aniq loyiha takliflari belgilandi. Oʻzbekistonlik va vengriyalik tadbirkorlar hamda sarmoyadorlar orasidan boʻlajak hamkorlarni jalb etish boʻyicha birgalikda ish olib borish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Tomonlar oʻzaro savdo missiyalarini tashkil etish, ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir boʻlgan mahsulotlar roʻyxatini oʻzaro almashish hamda Oʻzbekiston va Vengriya tadbirkorlarini har ikki mamlakatda oʻtkazilayotgan sanoat koʻrgazmalari va yarmarkalarida faol ishtirok etishga chorlash orqali tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish dolzarbligi toʻgʻrisida bitta yakdil fikrga keldilar. Oʻzbekiston – Vengriya biznes-forumini oʻtkazish va istiqbolli investitsiya loyihalarini atroflicha muhokama qilish uchun Vengriya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.

    Sh.Chani bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida bank-moliya sohasidagi Oʻzbekiston – Vengriya hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

    Vengriya tomoni Oʻzbekiston moliya bozori rivojlanishining ijobiy tendensiyalari va bu borada xorijiy investorlarni jalb qilish uchun ochilayotgan qoʻshimcha imkoniyatlarni eʼtirof etdi. Oʻzbekiston tomoni bank sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, valyuta bozorini liberallashtirish, davlat ulushiga ega boʻlgan oʻzbek tijorat banklarini xususiylashtirish, shuningdek, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etdi.

    Shu nuqtayi nazardan, “OTP Bank Group”ning Oʻzbekiston bank xizmatlari bozoriga oʻzbek tijorat banklaridan birini xususiylashtirish orqali kirib kelish istiqbollari hamda ushbu yoʻnalishdagi ikki tomonlama aloqalar masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar ushbu tashabbusni amalga oshirish yuzasidan navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.