Milliy yuksalishimizning ikkinchi bosqichi uchun ishlab chiqilgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida koʻzlangan maqsadlarni amalga oshirish nafaqat qonunlarimizni yangilashni, balki Bosh qonunimizni islohotlar ruhiga moslashtirishni ham talab qilmoqda.

Shu maʼnoda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Inson qadri uchun” gʻoyasi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanib, “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb oʻzgartirilayotgani xalq manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyishni koʻzda tutmoqda.

Bugungi taraqqiyotni ilm-maʼrifat va taʼlim rivojisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Binobarin, hozirgi paytda bashariyatning ilm-fan sohasida bellashuvi tobora avj olyapti. Dunyoning ilgʻor davlatlarida taʼlimni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Negaki, mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritgan yutuqlari bilan chambarchas bogʻliq.

Sogʻlom, bilimli, madaniyatli yoshlar mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilab beruvchi hamda jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda harakatlantiruvchi kuchdir. Oʻz navbatida, oʻsib kelayotgan avlodni har tomonlama yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalash taʼlim sohasida olib borilayotgan bugungi islohotlar natijasiga bogʻliq.

Oʻzbekistonning bu boradagi pozitsiyasini davlatimiz rahbarining quyidagi soʻzlari ifodalaydi: “Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham, bu – ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorugʻ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʻliq”.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻlishi boʻyicha ham normalar kiritilgan. Xususan, maktabgacha taʼlim, maktab, oliy taʼlim va ilm-fan sohalarini ustuvor taraqqiy ettirish davlat tomonidan kafolatlanishi koʻzda tutilmoqda. Xoʻsh, bu qanday mexanizmga asoslanadi? Javob shunday: davlat maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy taʼlim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratib berishi, pedagog xodimlar kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatini bajarishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmacligi kabi konstitutsiyaviy normalar va qoidalar darajasida mustahkamlanmoqda. Ayni shu narsa jamiyatimizda taʼlimning yangi sifat oʻzgarishlariga asos boʻladi.

Masalan, 51-moddada “Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli. Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega”ligi belgilanmoqda. Bu oʻrinda akademik erkinlik huquqi berilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblangan. Oliy taʼlim muassasalarining tadqiqotlar oʻtkazish erkinligi huquqi belgilanayotgani ham eʼtiborga molik.

Akademik erkinlik – tadqiqot erkinligi, taʼlim berish erkinligi va taʼlim olish erkinligi kabi uchta asosga quriladi. Shuningdek, akademik erkinlikka ega shaxslar hamda taʼlim muassasalari davlat, jamiyat va taʼlim tashkilotlaridagi dolzarb muammo, masalalar boʻyicha tadqiqotlarni olib borish, oʻz fikrini bildirish va muammolarni hal etish uchun toʻliq erkinlikka yoʻl qoʻyiladi.

Oliy taʼlim muassasalarining akademik erkinlik huquqi – birinchi navbatda, oʻquv rejalari, dasturlar, taʼlim yoʻnalishlari – bularning barchasini OTMning oʻzi mustaqil, bozordagi talabdan kelib chiqib, kasbiy standartlar asosida ishlab chiqish vakolatini huquqiy kafolatlaydi. Bundan tashqari, kunduzgi, masofaviy, sirtqi, kechki oʻqitish shakllarini, shuningdek, taʼlim olish muddatlari davomiyligini ham oliy taʼlim muassasasining oʻzi belgilaydi.

Holbuki, OTMlar akademik erkinligining bosh mezoni – yangi bilimlarni yaratish va tarqatish, shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalari uchun oʻzgaruvchan mehnat bozori talablariga moslashish va taʼlim sifatini oshirish vazifasini oʻrtaga tashlaydi. Qolaversa, bu oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida raqobat muhiti shakllantirilishi bilan bevosita bogʻliq.

Akademik erkinlikning maqsadi olimlar ishini himoya qilish va qonuniylashtirish, bilimlarini yanada oshirish, fuqarolik muloqotini ragʻbatlantirish hamda jamoada ochiq fikr almashishni qoʻllab-quvvatlashdir. Bu esa, pirovardida, oliy taʼlim muassasalarining oʻzini oʻzi boshqarish huquqi, akademik erkinlik kafolatlanishi OTMlarning moliyaviy imkoniyatlari hamda moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga, sogʻlom raqobat muhitida ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, fan va innovatsiyani rivojlantirish, taʼlim sifati va taʼlim jarayonini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Konstitutsiya loyihasining 48-moddasiga kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli” normasi fuqarolarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda va davlat hisobidan koʻrsatilishi aholi salomatligi uchun muhim ijtimoiy koʻmak hisoblanadi.

Hozirda aholi uchun tibbiy yordamning kafolatlangan bepul hajmi doirasiga shoshilinch tibbiy yordam, bir qator yuqumli kasalliklar boʻyicha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar va xavfli kasalliklar boʻyicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish kiradi.

Davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida 2021-yildan boshlab birlamchi boʻgʻinda aholini 66 turdagi, 2022-yilda 120 turdagi dori vositalari bilan bepul taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar roʻyxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yoʻllanma elektron navbat asosida berilmoqda. Eng muhimi, bu tizimga asosan, mablagʻlar shifoxonaga emas, balki bemorga ajratilmoqda.

Birgina, 2022-yilning oʻzida tibbiyot sohasiga byudjetdan 29 trillion soʻm yoʻnaltirildi, bu mablagʻ 2016-yilga nisbatan 5 barobar koʻp degani. Oʻtgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash uchun mablagʻlar 12 barobar koʻpaytirildi.

Xususan, qishloqlardagi 801 ta oilaviy poliklinika zamonaviy tashxis apparatlari bilan taʼminlandi. Bu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmat yoʻlga qoʻyildi. Hududlarda 23 ixtisoslashgan tibbiyot markazining yuzdan ortiq filiali faoliyat boshladi. Bularning barchasi yurtimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar sogʻligʻini saqlashga qaratilgan amaliy choralardir.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan normaning yana bir ahamiyati shundaki, davlat oʻz fuqarolari moddiy ahvolidan qatʼi nazar kafolatlangan bepul tibbiy yordam bilan qamrab olinishini mustahkamlamoqda. Bu fuqarolar, ayniqsa, moddiy sharoiti yaxshi boʻlmagan odamlar sogʻligʻini saqlashga davlat gʻamxoʻrlik qilishdan toʻxtamasligini anglatadi.

Kafolatlangan tibbiy yordamga oid normaning belgilanishi aholi, onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.

Shu oʻrinda alohida mamnuniyat bilan taʼkidlash joizki, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasi hamda jamoamizning 32 yillik orzusi roʻyobi sifatida bunyod etilgan Buxoro davlat tibbiyot instituti yangi Kampusi foydalanishga topshirilishi taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasidagi yana bir saʼy-harakatlarimizning amaliy isbotidir.

Shu bois ham mamlakatimizda Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori sifatida namoyon boʻlayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini institutimiz jamoasi, shuningdek, taʼlim muassasamizda tahsil olayotgan olti mingdan ziyod talaba-yoshlar ham  qoʻllab-quvvatlashiga ishonamiz.

Shuhrat TESHAYEV,

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor