Bahorning ilk kunlari edi. Dadam tokchadagi tuzdonga qarab, “Kechasi yomg'ir yog'adi shekilli, tuz nam tortib qolibdi” dedi. Bu gapdan buvimning yuzlari yorishib ketdi. Kechasi bilan yomg'ir yog'ib, nam havoda sumalak uchun undirgan bug'doyimiz ham tayyor bo'libdi. Surxon tomonlarning bahoriy urf-odatlari zo'r-da, qadrdon, dilingiz yayraydi. Bir zumda hovlimiz qo'shni ayollarga to'ldi. Hammaning qo'li ishda. Sumalak uchun tayyorgarlik. Buvim bilan birga yana bir-ikki momolar laparlar aytib, barchani xushnud qiladi. Biz esa ularga quloq tutamiz. Shu vaqt birdan echkiing ovozi eshitilib qoldi. Momolar hazilomuz ohangda “Hoy bo'ying cho'zilgur, echkiga o't tashla, yana uloqib ketib, hulkar yulduzini erning tagidan chiqarib yubormasin” deydi. Bilamanki, buvimning har bir gapi tagida bir afsona yashirin. Sekin yonlariga borib, hulkar haqida ham batafsil bilmoqchi bo'laman.
Rivoyat qilishlaricha, hulkar yulduz turkumi chiqishi qishni, qambarning chiqishi esa yozni ifodalaydi. Qadimda odamlar qishda qambar yulduzi, yozda esa hulkar yulduzi erning tagiga kirib ketadi, deya hisoblashgan. Hulkar yulduzi erning ostiga kirib ketib, qancha ko'p qolsa, hayvonlarga shunchalik yaxshi bo'lar ekan.
Ana shunday kunlarning birida tuya, ot, sigir, eshak, qo'y, echki o'zaro kelishib, hulkarni er tagidan chiqarmaslikka ahd qilishibdi. Navbat bilan yulduz chiqadigan erni berkitib, poylab turadigan bo'lishibdi. echki o'zining galida toqati toq bo'lib, bu qachon chiqadi, bir o'tlab kelay deya o'yinga berilib, hulkarni unutibdi. Bir payt kelib qarasa, hulkarning boshi ko'rinib, chiqib kelayotganmish. echki shoshib, tuyog'ini tuynukka bosibdi. Hulkar uning tuyoqlarini teshib osmonga uchib ketgan ekan. Shu bois xalq orasida “echki uloqib ketmaganda, hamisha yoz bo'lardi”, degan gap yurar ekan.
Har bir xalqning o'ziga xos shunday qadriyat va an'analari bo'ladiki, u millatning ulug'ligini namoyon etib turadi. Millat bilan birga yashab, ulg'ayadi, taraqqiy topadi. Xalqimiz tarixi va madaniyatining bir bo'lagi bo'lgan Navro'z ham qadimiy bo'lish bilan birga yangilanib borayotgan ulug' va navqiron bir bayramdir. Tarixiy o'yinlarga, Navro'z haqidagi qo'shiqlar mazmuniga ahamiyat bersangiz, ular zamirida olam ma'no mujassam.
Buvim hovlida o'ynab yurgan bolalarni yoniga chorlab, “Qani, bir yomg'ir yog'aloqni aytinglarchi” deydi. Mening savolomuz qarab turganimni payqab tushintirib ketadi. Bu qo'shiq qadimda ko'kka bulut chiqib, yomg'ir yog'ishini paysalga solgan vaqtlarda aytilgan ekan.
Yomg'ir yog'aloq
echki chaqaloq
Boyning qizini
Qorni yumaloq.
“Savolchi qizim, echki chaqaloq deya, erta bahor nazarda tutilyapti. Boyning qizi bu — haydalgan er. U hosilga homilador. Shuning uchun ham qorni yumaloq deyilgan...” Buvim har bir misra mazmunini sharhlaydi, men go'yoki katta bir jumboqning tagiga etgandek xursand bo'laman. So'rida o'tirgan yangalar yilboshi haqidagi qo'shiqlarni boshlab yuborishadi.
Jilboshi kepti bildingizma
Qoshga o'sma qo'ydingizma
Qoshga o'sma qo'yayotib
Jayraganin bildingizma.
Jilboshi kepti bildingizma
Qo'lga xina qo'ydingizma
Qo'lga xina qo'yayotib
Qizarib ketganin bildingizma.
Lapar aytish qizigandan qiziydi. Boyagina ovozlari ko'kni tutib yomg'ir yog'aloqni kuylashayotgan bolalar endi “oy terakmi, kun terak” o'yinini boshlab yuborishadi. Nega bu o'yinning nomi “oq terakmi, ko'k terak” ediku, deyapsizmi? Unda sizga ham buvimning bir rivoyatlarini aytib beraman.
Qadimda Navro'z bayrami kunlari bolalar kun va tun jamoasiga bo'linib, shu o'yinni o'ynashgan. Ya'ni oy — kecha terakdek uzun bo'lsinmi, yoki kun uzun bo'lsinmi, degan savol bilan jamoalar bir-birlariga murojaat qilib, bellashishgan. Bunda kun jamoasi astoydil g'oliblik uchun harakat qilgan. Chunki barcha Navro'z kelishi bilan kunlar uzayishini istagan. Bugungi kunda o'yinning ushbu nomi ayrim joylarda saqlanib qolgan. Aksariyat bolalar o'yinni “Oq terakmi, ko'k terak” tarzida o'ynaydilar, uning asl mohiyatini anglamagan holda shunchaki bellashuv deya qabul qiladilar. Agar ularga bu o'yin zamirida yorug'likning qorong'ulikdan g'olib ekaniga bir ishora, intilish borligi anglatilsa, yanada maqsadga muvofiq bo'lar edi.
O'yin-kulgu bilan bo'lib, qosh qorayganini ham sezmay qolibmiz. Ukam va uning o'rtoqlari kech tushishini intizorlik bilan kutib turishgan ekan, “Oq suyak” o'yinini boshlab yuborishdi. Bu o'yin erta ko'klam payti kechqurun o'ynaladi. Bolalar o'rtasidan saylangan boshliq oq suyakni uzoqqa otadi. Uni qorong'ulik ichidan topib kelgan bolani yoshi ulug'lar turli shirinliklar bilan siylashadi. Chunki oq suyak ham kunga, bahorga intilish belgisi bo'lgan. Qorong'ulik ichidan oq suyakning topilishi kunlar uzayishining bir timsoli sanalgan.
Ana shunday, aziz qaroqband, Navro'z haqidagi qo'shiqlar, o'yin va marosimlar xalqimizning ruhiyati va tarixi bilan chambarchas bog'liq. Xalqning qadim dunyoqarashi izlari qo'shiq, xalq o'yinlari ichida ma'lum ma'noda saqlanib turibdi. Ularning ildiziga, mohiyatiga nazar tashlasangiz, ular ko'hna mifologik dunyoqarash irmoqlari ekani ayon bo'ladi. Ushbu o'zan izidan borsangiz, bizning xalqimiz dunyo tamaddunlari beshigini tebratgan xalq ekanini anglaysiz. Faqat unutmang, biz ana shu izlarni olamga bor bo'y-basti bilan ko'rsata olishimiz kerak. Ha, aytgancha, qadrdon, bir vaqt topib, Surxon tomonlarga boring. Haqiqiy bahorni ko'rasiz. Momoyu bobojonlarning qadimiy urf-odatlar haqidagi afsonalarini tinglab, ongu shuuringiz ulkan bir ummondan suv ichgandek bo'ladi. Bir mehmon qilish esa bizdan.
Feruza JO'RAEVA









