Ayniqsa, kosmik texnologiyalar, muhandislik va raqamli sohalarga qiziqish uyg‘otish kelajakda yuqori malakali mutaxassislar avlodini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan “Mission Moon” kosmik ta’lim platformasining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda yoshlar, ota-onalar, pedagoglar va soha mutaxassislari ishtirok etib, kosmos olami bilan bog‘liq yangi ta’lim imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar sun’iy yo‘ldoshlar, raketa texnologiyalari, kosmik tadqiqotlar va muhandislik sohalari bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Taqdim etilgan “Mission Moon” platformasi yoshlarda STEM (Science, Technology, Engineering, Mathematics) yo‘nalishlariga qiziqish uyg‘otish, ularning tahliliy va ijodiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan.
— “Mission Moon” platformasining asosiy maqsadi yoshlar orasida kosmos, muhandislik va innovatsion texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishdan iborat, — dedi “O‘zbekkosmos” agentligi bo‘limi rahbari Xumoyun Rustamov. — Biz yoshlarning orzularini qo‘llab-quvvatlash va ularga yangi imkoniyatlar eshigini ochishni maqsad qilganmiz. Platforma orqali ishtirokchilar yil davomida turli topshiriqlar bajarib, bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadilar.
Uning ta’kidlashicha, loyihada ishtirok etish mutlaqo bepul bo‘lib, undan 14 yoshdan yuqori barcha yoshlar foydalanishi mumkin. Platforma o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlaydi.
Loyihaning eng qiziqarli jihatlaridan biri ishtirokchilarning yil davomida to‘plagan natijalari bilan bog‘liq. Har hafta beriladigan vazifalar, testlar va interaktiv mashg‘ulotlar uchun ishtirokchilar virtual qadamlar yig‘adilar. Yil yakunida ushbu qadamlar ramziy tarzda Yerdan Oygacha bo‘lgan masofa bilan taqqoslanadi.
Eng faol qatnashchilar maxsus sertifikatlar, esdalik sovg‘alari va rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlanadi.
Tadbir doirasida 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan ta’lim platformasi ham namoyish etildi.
— “Bolalarda ilm-fan va texnologiyalarga qiziqish aynan erta yoshdan shakllanadi, — dedi loyiha tashkilotchilaridan biri A’zam Umarov.
— Shuning uchun biz koinot haqidagi bilimlarni qiziqarli o‘yinlar, interaktiv darslar va amaliy mashg‘ulotlar orqali yetkazishga harakat qildik. Bu loyiha kelajakda muhandis, dasturchi va ixtirochi bo‘lishni orzu qilgan bolalar uchun mustahkam poydevor vazifasini bajaradi. Mazkur platforma orqali bolalar raketa modellari yasash, konstruktorlar bilan ishlash, turli texnik topshiriqlarni bajarish va ijodiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tadbirning eng sermazmun va qiziqarli qismlaridan biri “Space Activity Zone” maydoni bo‘ldi. U yerda kosmik mavzudagi ko‘rgazmalar, mini-vorkshoplar, taqdimotlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlarga ega bo‘ldilar, balki zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishib, kosmos sohasidagi qiziqarli tajribalarda ham qatnashdilar.
Shuningdek, “Mission Moon Space Challenge” dasturi doirasida intellektual viktorinalar, mantiqiy bellashuvlar va jamoaviy tanlovlar o‘tkazildi. Bu sinovlar ishtirokchilarning tahliliy fikrlash, muammolarni hal qilish va jamoada ishlash ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, platformani ishlab chiqish jarayonida mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda Yevropa, Amerika va Xitoydagi ekspertlarning ilg‘or tajribalaridan ham foydalanilgan.
— “Biz platformani yaratishda xalqaro ta’lim dasturlari va kosmik agentliklar tajribasini o‘rgandik, — deya ta’kidladi loyiha mutaxassislari. — Asosiy maqsadimiz — yoshlarga zamonaviy va qiziqarli formatda bilim berish, ularning innovatsion fikrlashini rivojlantirishdan iborat.
Bugun dunyo davlatlari kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt va yuqori texnologiyalar sohasiga katta sarmoya kiritmoqda. Bu sohalar kelajak iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biri sifatida baholanmoqda.
“Mission Moon” loyihasi esa o‘zbekistonlik yoshlarni ana shu istiqbolli yo‘nalishlarga qiziqtirish, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda kelajakda xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Zulxumor Akbarova,
Mushtariy Komilova,
Maftuna Xikmatullayeva