Oyoqlar uvishishi jiddiy kasallik alomati boʻlishi mumkin

    Salomatlik 1 Iyun 2022 33040

    Koʻpchilik insonlar uzoq muddat bir joyda turib yoki oʻtirib qolsa, oyoqlari uvishib, oʻzini noqulay his qiladi. Bu holat taʼsiri baʼzilarda oʻrnidan qoʻzgʻalishi bilan yoʻqolsa, ayrim kishilarda uvishgan oyoqlar maʼlum vaqtdan keyingina oʻziga keladi.

    Xoʻsh, bu muammoning kelib chiqishiga qanday omillar sabab boʻladi?

    Bu haqda malakali terapevt Hilola Abdullayeva oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashadi:

    — Oyoqlar uvishishi asosan katta va oʻrta yoshli insonlarda koʻp uchraydi, — deydi shifokor. — Sababi bu davrda qon tomirlari devorida xolesterin miqdorining ortishi tufayli tanada qon aylanishi qiyinlashadi. Natijada oyoqlar tez-tez uvishib, uning sezgirligi yoʻqoladi va yengil sanchish, et jimirlashi kuzatiladi. Hatto baʼzilar bu holat taʼsirida biroz vaqt yura olmay qolishi mumkin.

    Mazkur muammo tananing uzoq vaqt noqulay holatda qolishi, homiladorlik davri, kam harakatlilik yoki bir joyda oʻtirib ishlash va haddan tashqari noqulay hamda tor oyoq kiyim kiyish kabi bir necha zararsiz sabablar fonida rivojlanishi mumkin. Biroq aksariyat hollarda oyoq uvishishi tanada qaysidir kasallik rivojlanayotganidan darak beradi va ularning roʻyxati anchagina keng.

    Jumladan:

    - umurtqa pogʻonasi kasalliklari (orqa miya nervlarining siqilishi natijasida kelib chiqqan osteoxondroz, mushak toʻqimalarining spazmlarini keltirib chiqaradigan intervertebral churra);

    - tanada qon aylanishining buzilishi;

    - ateroskleroz;

    - yurak xastaliklari;

    - qandli diabet;

    - revmatoid artrit shular jumlasidan.

    — Oyoqlar uvishgan payt tanada yana qanday salbiy oʻzgarishlar kuzatiladi?

    — Eng avvalo, inson issiq yoki sovuq haroratni sezmay qoladi. Umurtqa pogʻonasi, koʻkrak qafasi va boshqa sohalarda qattiq ogʻriqlar kuzatilishi mumkin.

    Shuningdek:

    - holsizlik;

    - qadam bosishning buzilishi;

    - oyoqlarda ogʻirlik;

    - kuchli bosh aylanishi va kuchli bosh ogʻrigʻi;

    - boʻyin ogʻrigʻi;

    - qichishish;

    - tez-tez peshob ajralishi;

    - mushaklar spazmi;

    - tundagi ogʻriqlar oyoq uvishishi bilan birga kechadigan salbiy oʻzgarishlar hisoblanadi.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.