Unda hozirgi kunda energiya resurslari taʼminotidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari, bu borada olib borilayotgan ishlar tanqidiy koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda maxsus shtab tashkil etilganiga qaramay, joylardagi hududiy shtablarning faoliyati talab darajasida tashkil etilmaganligiga alohida urgʻu berildi.
Ayrim masʼul rahbarlarning dolzarb muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishda ishlarni toʻgʻri tashkil qilmayotganligi, buning natijasida tizimda koʻplab texnik nosozliklar sodir boʻlayotgani, energiya tejamkorlik masalalarida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani hamda elektr taʼminotida cheklovlarni kiritishda belgilangan tartiblarga rioya etilmayotgani isteʼmolchilarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligi qattiq tanqid qilindi.
Shu va boshqa kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isakulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Roʻziqul Rayimov, “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” filiali direktori Anvar Muzapov va “Toshshaharnur” DUK direktori Umidbek Rajabovga hayfsan berildi.
Yigʻilishda yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi muammolarni bartaraf etishda koʻrilayotgan chora-tadbirlarni vijdonan amalga oshirish va buning natijasida isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taʼminlash bosh mezon ekanligi, bunda esa sohada ijro intizomi masalasi nihoyatda muhimligi alohida taʼkidlandi.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati