Do'stlik sari tashlangan qadam o'zaro ishonch, halol munosabatlarga asoslangandagina mustahkamlanib boradi. O'zbekiston keyingi yillarda xorij davlatlari uchun keng ochilar ekan, ayni mana shu tamoyillarni mahkam tutdi. Dunyo xalqlari bilan nafaqat sheriklik, balki do'stlik rishtalarini mustahkamlashga, birgalikda rivojlanishga intilmoqda. Bugun mamlakatimiz ko'plab davlatlarning ishonchli do'sti, manfaatli sherigi, istiqbolli hamkoriga aylangani boisi shunda.

Ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasi ko'plab sohalarda asosiy sheriklarimizdan sanaladi. Bir vaqtlar Buyuk ipak yo'li o'zaro yaqinlashtirgan ikki davlat yo'llari bugun ham mustahkam bog'langan. Xususan, milliy iqtisodiyotimizda ushbu davlatning ulushi yuqori. Ma'lumotlarga ko'ra, 2017—2022-yillarda mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlashning umumiy hajmi 4,7 milliard dollardan 8,9 milliard dollarga etib, 1,9 barobar oshgan. E'tiborlisi, bu boradagi o'sish ko'rsatkichi o'tgan yili yanada tezlashdi va 14 milliard dollarga yetdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23—25-yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi ham ana shu do'stona va hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu tashrif dunyo e'tiborida bo'lib, ko'pchilikda katta qiziqish uyg'otgani bejiz emas. Boisi, oliy toifadagi uchrashuvlar davomida ikki davlat o'rtasida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar qabul qilindi. Ularda iqtisodiy hamkorlikdan tortib, qishloq xo'jaligi, ilm-fan, transport va boshqa qator sohalar qamrab olingan.

Biz Xitoy davlatiga yillar davomida asosan savdo-iqtisodiy hamkor sifatida qaraganmiz. Ammo keyingi vaqtlarda kambag'allikni qisqartirishdan tortib, ilm-fan, innovatsiyalar, ilg'or texnologiyalar sohalarida ushbu mamlakat tajribasi keng o'rganilib, yurtimiz amaliyotida qo'llanilmoqda. Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev ham ta'kidlaganidek, O'zbekiston Xitoyning har tomonlama ijtimoiy adolatga erishish, tobora ko'proq aholini qashshoqlikdan olib chiqish va o'rta sinfni ko'paytirish, shu orqali umumbashariy farovonlik va tenglikka erishish borasidagi tajribasiga jiddiy qiziqish bildiradi.

Ilm-fan va ishlab chiqarish yonma-yon

Mamlakatlarimizning ta'lim sohasidagi hamkorligi, ayniqsa, jadal rivojlanayotgan yo'nalishlardan biri bo'lmoqda. Xitoy keyingi yillarda O'zbekiston uchun turli kasblarda 6500 dan ziyod mutaxassis tayyorlab berdi. Yurtimiz oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik asosida mutaxassislarni Xitoyda o'qitish, ularning tajribalarini o'rganish faollashib boryapti.

Jizzax politexnika instituti ham 2022-yildan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi oliy ta'lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Birgalikda institutda muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazini ishga tushirdik.

Gap shundaki, yurtimizda muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh panellariga talab ortib boryapti. Bunday qurilmalarni o'zimizda ishlab chiqarish xorijdan olib kelishga nisbatan ancha arzonga tushadi. Mahalliylashtirish ishlari esa ilmiy tadqiqotlarsiz bo'lmaydi. Shu bois, o'tgan yilning 10-fevralida davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlari bo'yicha Jizzax politexnika instituti olimlari va talabalari bilan birgalikda Jizzax yoshlar texnoparkida kremniy asosidagi quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilangan edi. Texnologiyani o'rganish maqsadida institutning 3 nafar professor-o'qituvchisi Xitoyda xizmat safarida bo'lib qaytdi. Ular Xitoydagi “Jingkou Jinchen Machinery Co., Ltd.”, “Argus-Sanik”, “Shanxay Saniong”, “Wuhan Ooitech Trading Co., Ltd”  kompaniyalarining ishlab chiqarish tsexlarida bo'lib, bevosita ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Mazkur kompaniyalarda ishlab chiqarilayotgan “Quyosh panellarini ishlab chiqarish liniyasi”ning narxi va sifati o'zaro solishtirib ko'rildi. Yakunda “Wuhan Ooitech Trading Co., Ltd” kompaniyasi bilan shartnoma imzolanib, umumiy qiymati 348 ming dollar bo'lgan uskunalar institutga olib kelindi. Ular ajratilgan binoga o'rnatilib, zarur infratuzilma bilan ham ta'minlandi.

Zamonaviy qurilmani xarid qilishdan oldin professor-o'qituvchilarimiz ushbu korxonada 2 oy davomida ilmiy o'rganishlar olib bordi. Amaliyot davomida texnik izlanishlar davom etib, bevosita ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etishdi. Mazkur sa'y-harakatlar natijasida 2023-yilning dekabr oyi oxirida institut tarixida ilk bor muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi rasman ish faoliyatini boshladi. Dastlabki mahsulotlar ishlab chiqarilib, tegishli tartibda test jarayonlaridan o'tkazildi. Olingan natijalar ham kutganimizdek ijobiy bo'ldi.

Hozirgi kunda xomashyoning bir qismi Xitoydan olib kelinyapti. Ishlab chiqarish uzluksizligini ta'minlash maqsadida “Wuhan Ooitech Trading Co., Ltd” kompaniyasi bilan umumiy qiymati 70 ming 418 dollar bo'lgan xomashyo olib kelish bo'yicha shartnoma tuzish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, o'zimizda mahalliylashtirish jarayonlari ham ketmoqda. Kelgusida alyuminiy ramka, laminatsiya plyonkasi-1, laminatsiya plyonkasi-2, kuydirilgan organik oyna, kontakt simlari, yelim va ulash kabellari lokalizatsiya qilinishi rejalashtirilgan.

Yana bir yangilik, 2023-yil fevralidan boshlab Xitoyning Nankin instituti xodimlari tomonidan oliy o'quv yurtimiz talabalariga transport logistikasi yo'nalishi bo'yicha onlayn va oflayn dars mashg'ulotlari o'tish yo'lga qo'yildi. Sentyabr oyidan esa o'zaro hamkorlik asosida institutimiz qoshida Nankin oliygohining elektromobillar servisi va ekspluatatsiyasi yo'nalishlari tashkil etildi. O'tgan yili noyabr–dekabr oylarida Nankin institutining bir necha professor-o'qituvchilari ta'lim dargohimizga kelib, talabalarga dars mashg'ulotlari o'tishdi.

Tarixiy forum

Ikki davlatning ta'lim, ilm-fan sohasidagi hamkorligi rivojlanib borayotgani quvonarli. Joriy yilning 22—24-yanvar kunlari Xitoyda o'tkazilgan Xitoy—O'zbekiston ta'lim forumi ham mamlakatlarimiz OTMlari tarixida juda katta iz qoldirdi. Mazkur forumda ishtirok etar ekanmiz, do'stona munosabatlarimiz yangi hamkorliklarga yo'l ochganidan quvondik. Xususan, forum dasturi doirasida SHimoliy Xitoy texnologiya universiteti hamda Changshu texnologiya universiteti bilan anglashuv memorandumlarini imzoladik. Tyanszin provintsiyasida bo'lib o'tgan uchrashuvda institutimiz haqida ma'ruza qilib, o'qitishning samarali texnologiyalari, ishlab chiqarish imkoniyatlari to'g'risida batafsil ma'lumot berdik. Natijada Tyanszin xorijiy tillar universiteti bilan memorandum imzolandi. Tyanszin  politexnika universiteti, Nankin politexnika universiteti, Nankin transport va texnika instituti vakillari bilan uchrashib, hamkorlik qilish haqida fikr almashildi. Tadbirkorlar va investorlar bilan o'tkazilgan muloqotlarda ham kelajakda hamkorlik qilish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Umuman, yirik forumda “O'zaro ta'lim, o'zaro manfaatli hamkorlik va O'zbekiston—Xitoy ta'lim hamjamiyatini birgalikda qurish” doirasida yuqori akademik almashinuv va oliy ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlik aloqalarini kuchaytirish borasida muzokaralar o'tkazildi. Ahamiyatlisi, forum avvalida ikki davlatning oliy ta'lim sohasida o'zaro hamkorligi to'g'risidagi Pekin deklaratsiyasi imzolandi. Mazkur hujjatda O'zbekiston va Xitoy oliy ta'lim muasassalari o'rtasida almashinuv mexanizmini yo'lga qo'yish, “O'zbekiston—Xitoy universitetlari uyushmasi”ni tuzish, yuqori sifatli raqamli ta'lim bo'yicha hamkorlik, uyushmaga a'zo universitetlar o'rtasida iqtidorlarni tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar, kadrlar almashinuvi, innovatsion hamkorlik mexanizmlarini doimiy ravishda kuchaytirish hamda O'zbekiston—Xitoy oliy ta'lim taraqqiyoti va rivojlanishiga birgalikda yordam berish kabi masalalar ustuvorlik qiladi.

Demak, kelgusida ikki mamlakat o'rtasidagi oliy ta'lim borasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tarilib, jarayonda innovatsiyalarni kuchaytirish, “Bir makon, bir yo'l” tashabbusining rivojlanishiga hissa qo'shish, yuqori sifatli ta'lim resurslarini birgalikda ishlab chiqish, xalqaro yozgi maktablar va yozgi oromgohlarni tashkil qilish, asosiy organ sifatida yosh talabalar bilan madaniy almashinuvni kuchaytirish va insoniyat uchun umumiy kelajakka ega bo'lgan hamjamiyatni qurish hamda O'zbekiston va Xitoy ta'lim taraqqiyotini yanada yuksaltirish singari asosiy vazifalar amalga oshiriladi.

Mamlakatlarimiz o'rtasidagi bunday muloqotlar, aloqalar izchil rivojlanib borayotgan xalqaro munosabatlar tarixida muhim ahamiyat kasb etadi va kelajakda yanada samarali natijalarga erishishga keng imkoniyatlar yaratadi.

Alisher USMONQULOV,

texnika fanlari doktori,

professor

(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 02.02.24-y, 24-sonida e'lon qilingan)