Oʻzbekiston hukumati “Oʻzavtosanoat” kompaniyasini faqat elektromobillar ishlab chiqarishga oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 29-dekabrdagi qarorida (VMQ-812) soʻz boradi.
Hujjat “Oʻzavtosanoat”ni faqat elektr dvigatellari boʻlgan avtomobillar va avtotransport vositalarini ishlab chiqarishga oʻtkazishni nazarda tutadi. 2021-yil 1-fevralgacha kompaniyaga xorijiy mutaxassislar va konsalting kompaniyalarini jalb qilish va konsepsiya loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Bundan tashqari, mamlakat ichkarisida elektr transport vositalarini sotib olish va (yoki) vaqtincha olib kirish uchun yigʻim (avtomobilni Ichki ishlar vazirligida roʻyxatdan oʻtkazishda toʻlanadi) bekor qilinadi. Moliya vazirligi 2021 va undan keyingi yillar uchun byudjetni shakllantirishda buni hisobga olishi kerak.
Masʼul vazirliklarga hokimliklar bilan birgalikda ikki oy ichida elektr transporti uchun quvvat olish stansiyalarini (terminallarini) oʻrnatish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish topshirildi.
Hozirda Oʻzbekistonda elektr transport vositalarini olib kirish uchun aksizlar va bojxona toʻlovlari olinmaydi.
Eslatib oʻtamiz, yanvar-avgust oylari davomida Oʻzbekistonga qiymati 1,7 million dollar boʻlgan 73 ta elektr transport vositasi import qilingan.