Forum ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlarining nutqlari bilan boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar oʻz soʻzlarida Oʻzbekiston — Afgʻoniston hamkorligini yana-da chuqurlashtirishga sodiqligini tasdiqladi.

Oʻzbekistonda oʻtgan ikki yil mobaynida Afgʻoniston sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga koʻpayib, oʻzaro savdo hajmi qariyb 800 mln dollarni tashkil etgani maʼlum qilindi. Shu bilan birga, ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va oʻzaro savdoni oshirish boʻyicha muhim ishga solinmagan salohiyat mavjudligi qayd etildi. Energetika, toʻqimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal, farmatsevtika sanoati hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar investitsiyaviy va savdo hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab olindi.

Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari oʻz chiqishlarida Oʻzbekiston va Afgʻoniston kompaniyalarini biznesda faol hamkorlik qilishga, yangi loyihaviy takliflarni ishlab chiqishga va forum yakunlari boʻyicha aniq natijalarga erishishga chaqirdi.

Forumda, shuningdek, Afgʻonistonning Balx provinsiyasi maʼmuriyati rahbari Muhammad Farxod Azimiy, Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, Afgʻoniston savdo-sanoat palatalari Federatsiyasi raisi Ismoil Gazanfar, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov hamda Oʻzbekistonning tarmoq idoralari rahbarlari soʻzga chiqib, ishbilarmonlik sohasida sheriklik va mintaqalararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha eng istiqbolli yoʻnalishlar haqida batafsil maʼlumot berdilar.

Afgʻon tadbirkorlariga Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalarni jalb etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlar, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiyalash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar hamda investorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha mexanizmlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Biznes-forum ishtirokchilari Oʻzbekistonda turli tarmoqlarda biznes yuritish imkoniyatlari bilan toʻliq tanishish, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va kelgusida birgalikda rivojlantiriladigan aniq loyiha takliflarini koʻrib chiqish imkoniga ega boʻldilar. Aniq yoʻnalishlar va loyihalardagi hamkorlikning keyingi bosqichlarini aniqlash maqsadida “B2B” va “G2B” shakllarida manzilli uchrashuvlar orqali forum ishi davom ettirildi.

Forum yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Afgʻoniston savdo-sanoat palatalari Federatsiyasi oʻrtasida 2021-2022-yillarda hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, Afgʻonistonga shisha, toʻqimachilik, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha qator sanoat kooperatsiyasi loyihalari va eksport shartnomalari imzolandi.

Tadbir doirasida Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona, Namangan, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrining sanoat-iqtisodiy imkoniyatlarini ochib beradigan mintaqalararo va tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi, shuningdek, “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.