Uchrashuvda oʻzbek – qirgʻiz hamkorligining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi va uni yanada kengaytirish boʻyicha istiqbolli takliflar muhokama qilindi.
Gidroenergetika, avtomobilsozlik va qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish sohalarida qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, yuqori talabga ega mahsulotlarning ayrim turlarini yetkazib berishni tashkil qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Ikki mamlakat hududlarida oʻzaro bogʻliq qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish maqsadida oʻzbek va qirgʻiz tadbirkorlarini qoʻshma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga jalb etish boʻyicha izchil ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
Qoʻshma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, jumladan, “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” temir yoʻlini qurish, shuningdek, “Oʻsh – Irkeshtam” avtomobil yoʻlining ayrim qismlarini taʼmirlash boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.
Ikki mamlakat bojxona xizmatlarining oʻzaro hamkorligini takomillashtirish va ular oʻrtasida tezkor axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha konstruktiv takliflar ilgari surildi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasida alohida nazorat punktlari faoliyatini tiklash imkoniyati va chegaraoldi savdo logistika markazlarini qurish uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish va amalda tatbiq etish boʻyicha keyingi saʼy-harakatlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.