Unda Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktor oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, rejissyor Akbar Bekturdiyev va agentlik xodimi Sayyora Xudoyberdiyevadan tarkib topgan oʻzbek delegatsiyasi ham qatnashdi. Taniqli rejissyor Ali Hamroyev kinofestival hakamlar hayʼati aʼzosi sifatida ishtirok etdi.
Festival doirasida badiiy, hamkorlikdagi va boshqa filmlar tanlovlari oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Eron, Bahrayn, Suriya, Turkmaniston, Rossiya va Belarus davlatlaridan kinoijodkorlar qatnashdi.
Tanlov dasturida ishtirok etish uchun 300 ga yaqin ariza topshirilgan boʻlib, 10 ta film tanlab olingan. Jumladan, Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan “Oʻzbek qizi” va “Dasht” filmlari ishtirok etib, aktrisa Aysanem Yusupova va mahoratli aktyor Seydulla Moldaxanov “Eng yaxshi ayol”, “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyalari boʻyicha mukofotlandi.