Oʻzbek ayolining tariximizdagi oʻrni va xizmatlari beqiyos boʻlgan

    Mamlakatimizda 10 Avgust 2022 1964

    Oliy Majlis Senati, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi hamda Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamkorligida “Oʻzbek xotin-qizlarining davlatchilik tariximizdagi oʻrni va xizmatlari” mavzusida ilmiy yigʻilish oʻtkazildi.

    Unda senator va deputatlar, hukumat vakillari, vazirlik va idoralar rahbar ayollari, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, “Oʻzarxiv” agentligi, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi faol xotin-qizlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Anjumanni Oliy Majlis Senati Raisi – Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Bugungi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda faolligini oshirish har qachongidanda koʻproq eʼtibor qaratilyapti.

    Jumladan, 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash” deb belgilangan.

    Albatta, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlarda oʻz aksini topgan ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirish, eng avvalo, uch ming yillik oʻzbek davlatchiligi tarixida ayollarimizga boʻlgan munosabat, turli davrlar oshib saqlanib qolgan xotin-qizlarni qadrlash va eʼzozlash bilan bogʻliq boʻlgan milliy tarbiya, urf-odat hamda anʼanalarimizni chuqur oʻrganish, xotin-qizlarning oʻzbek davlatchiligi tarixidagi oʻrni va xizmatlarini xalqimiz orasida keng targʻib etishni taqozo etadi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev milliy ongni tarbiyalash, zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirishda tarix fanining alohida oʻrni borligini doim taʼkidlab keladilar.

    Gʻurur bilan taʼkidlash mumkinki, oʻtmishda davlat boshqaruvi, harb ishi, yurt himoyasi, mulkchilik, qurilish, ishbilarmonlik, homiylik, taʼlim-tarbiya, adabiyot, diniy sohalarda oʻzbek ayollari koʻrsatgan faoliyat uncha-muncha xalq va davlat tajribasida uchramaydi. Buni soʻnggi besh-olti yil ichida jadal rivojlanishni boshdan kechirayotgan tarix fanida qoʻlga kiritilayotgan ilmiy natijalar isbotlayapti.

    Tashkil etilgan koʻrgazmada Oʻzbekiston Milliy arxivda saqlanayotgan noyob vaqf hujjatlari namoyishi tashkil etildi. Mazkur vaqf hujjatlari Buxoro amirligi, Qoʻqon va Xiva xonligi davrida yashagan turli toifa ayollar tomonidan madrasa, maktablar faoliyati va boshqa ezgu maʼrifiy amallarga atab oʻz boyliklarini xayr-ehson qilinganini tasdiqlaydi. Shuningdek, Oʻzbekiston kino, foto va ovozli hujjatlar Milliy arxivida saqlanayotgan suratlar koʻrgazmasida oʻzbek milliy libos va taqinchoqlari, hunarmand, sanʼatkor, ijodkor va boshqa soha ayollarining ish jarayondagi tasvirlaridan iborat fotokoʻrgazma, arxiv manbalari ayollarimizning davlatchilik tarixida tutgan oʻrni va mavqeini hujjatli asosda ifodalab beradi.

    Tadbirda oʻzbek ayolining qadr-qimmati, qadimgi ashyoviy manbalarda aks etgan ayol timsoli, xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrni, kiyinish madaniyati, zeb-ziynatlar va ularning falsafasi, Qoʻqon malikasi, Ming oyim va uning kelini Nodira-begimning maʼrifat, iqtisodiy hayot va davlat boshqaruvdagi faoliyati, turli manbalarda xotin-qizlar tomonidan ijtimoiy hayot, maorifni taraqqiy etishida amalga oshirgan homiylik, bunyodkorlik ishlari, yangicha fikrlovchi jadid ayollarining matbuotdagi chiqishlariga oid maʼlumotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

    Tadbir yakunlari boʻyicha tavsiyalar qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.