Memorandumga muvofiq tomonlar oʻzaro axborot almashinuvi va ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Kelishuv, shuningdek Ukraina tovar ishlab chiqaruvchilarining talabgor mahsulotlarini elektron birja savdo vositalari va mexanizmlaridan foydalangan holda Oʻzbekiston tovar bozorlarida sotish boʻyicha Ukrainaning ishbilarmonlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
Shu maqsadlar doirasida maxsus marketing tadqiqotlari oʻtkaziladi va ekspertlarning maslahatlari yoʻlga qoʻyiladi hamda tomonlarning muntazam uchrashuvlari va ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro savdo-sotiq masalalari yuzasidan maʼlumotlar almashinuvi tashkillashtiriladi. Pirovardida, Ukrainaning ishbilarmonlari uchun tegishli tavsiyalar ham ishlab chiqiladi.
Mazkur hujjatning imzolanishi oziq-ovqat mahsulotlarini birja mexanizmlaridan foydalangan holda import qilish orqali Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlashga qoʻshimcha ragʻbat sifatida xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi vakillari Ukrainaning agro ishlab chiqaruvchilari bilan Oʻzbekiston Respublikasiga shakar, oʻsimlik yogʻi, un, don, goʻsht va boshqa mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Maʼlumot uchun: Ukraina Savdo-sanoat palatasi - nodavlat, notijorat, oʻzini oʻzi boshqarish shaklidagi tashkiloti boʻlib, u ixtiyoriy ravishda tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan Ukrainaning yuridik shaxslari va fuqarolarini hamda ularning uyushmalarini birlashtiradi. Ayni paytda barcha mulk shaklidagi 8,5 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari Ukraina Savdo-sanoat palatasi aʼzolari hisoblanadi.