Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, zamonaviy kurash qoidalari asoschisi Komil Yusupov mehmonlarga oʻzbek kurashi tarixi, uning sport turi sifatida xalqaro maydonga olib chiqilishi yoʻlidagi harakatlar, dunyo arenasidagi rivojlanish jarayoni haqida gapirib berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu yil 4-noyabrda imzolagan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy qarori mazmun-mohiyati esa alohida mavzu boʻldi.
Janubiy koreyalik mutaxassislar taekvondoni yozgi Olimpiya oʻyinlariga kiritilishi yoʻlida olib borilgan saʼy-harakatlar haqida soʻzlab berdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama memorandum imzolandi. Unga koʻra, kelajakda kurashni Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jahon yoshlarini kurash bilan shugʻullanishga keng jalb etish, kurashni oʻzbek brendi sifatida jahon durdonasiga aylantirish va xalqaro nufuzini yuksaltirish, mustahkamlash borasida hamkorlikka kelishib olindi.
Mehmonlar Toshkentdagi Kurash muzeyida boʻlib, kurash tarixi va buguni haqida hikoya qiluvchi eksponatlar, maʼlumotlar bilan tanishar ekan, kurash xalqaro maydonda zamonaviy va istiqbolli sport turi sifatida rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud ekanini eʼtirof etdi.