Oʻzbek ogʻir atletikasi ishonchli qoʻllarda yoxud hamyurtimiz Jahon kubogida mutlaq gʻalabaga erishdi

    Sport 18 Noyabr 2020 945

    Shu yil 11-noyabr kuni Peru davlati markazligida sportning ogʻir atletika turi boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida onlayn Jahon kubogi musobaqasiga start berilgan edi.

    Nufuzli musobaqada jahonning 61ta davlatidan jami 399 nafar yosh atlet gʻoliblik uchun supachaga chiqishdi. Jahon kubogida Oʻzbekiston sharafini 7 nafar atletimiz himoya qildi.

    Bungacha vakillarimizdan Nigora Abdullayeva (-55 kg) hamda Xusenboy Matrasulovlar (-55 kg) oʻz vazn toifalarida oltin, Nigora Suvonova (-71 kg) kumush, Xojiakbar Olimov esa (-81 kg) bronza medallariga sazovor boʻlishgandi.

    Oʻsmirlar oʻrtasida onlayn Jahon kubogining soʻnggi kunida yana bir sportchimiz, -96 kg vazn toifasida Qurbonmurod Nomozov umumiy 320 kg natija koʻrsatib, mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. U eng yaqin taʼqibchisi, turkiyalik Emre Ozturkni 15 kiloga ortda qoldirdi.

    Sportchimizning bu gʻalabasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 29 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.