O'zbek tili rivojida yangi avlod lug'atlarining o'rni

    Hozirgi kunda tilshunoslar “O'zbek tilining izohli lug'ati”ni o'zbek-lotin yozuvida takomillashtirishdek katta loyiha ustida mehnat qilmoqda. Tabiiyki, ushbu lug'at avvalgi nashrlarni takrorlamaydi. Xo'sh, izohli lug'atning o'zbek-lotin alifbosidagi nashrida nimalarga e'tibor berilmoqda? O'zFA O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti bo'lim mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Yorqin ODILOVning mulohazalari shu haqda:

    Bugungi globallashuv davrida O'zbekistonda davlat tilining ijtimoiy ahamiyatini oshirish, uni doimiy rivojlantirib borish, fuqarolarning o'zbek tilidan ham ona tili, ham davlat tili sifatida foydalanish doiralarini kengaytirishdek muammolar kundan-kun dolzarblashmoqda. O'zbek tilining davlat tili sifatida amaliyotga to'la tatbiq qilinishida lug'atlarning xizmati juda jiddiy. Shu jihatdan lug'atlarning yangi avlodlarini yaratish davlatning til bilan bog'liq tadqiqotlarni rivojlantirish siyosatida alohida o'rin tutadi. Keyingi ikki yilda e'lon qilingan Prezident farmonlari va hukumat qarorida izohli, imlo terminologik va tarjima lug'atlarni yaratish muhim vazifalar sifatida ko'rsatilgan, chunki xalqni tilimizdagi mavjud so'zlarning ma'nolari bilan tanishtirish hamda savodxonligini oshirishda bunday lug'atlarning xizmati katta.

    O'zFAning O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti tilshunoslari bugun o'zbek tilini keng targ'ib qilish, ta'lim tizimi va ish yuritishda o'zbek tili imkoniyatlaridan to'la foydalanishga xizmat qiladigan lug'atlarni, o'quv-amaliy tadqiqotlarni yaratish ustida ish olib bormoqda. Masalan, 2020 yilda “O'zbek tilining izohli lug'ati” 2-nashri, “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo'llanmasi (kirill va lotin yozuvlarida), 2021 yilda “O'zbek tili me'yorlari. Punktuatsiya”, “Ijtimoiy-siyosiy terminlarning izohli-illyustrativ lug'ati”, “Yuridik terminlarning ruscha-o'zbekcha izohli lug'ati” tuzildi va ular Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi va moliyaviy ko'magi bilan chop etildi.

    Savodxonlik ta'limning bosh masalalaridan biridir. Bugun ta'limning turli bosqichlarida o'qiyotgan o'quvchi-talabalarning savodxonligi talab darajasida emasligi ona tili ta'limining asosiy muammosi sifatida tilga olinmoqda. Albatta, savodxonlik masalasini ko'tarishda darslik va o'quv qo'llanmalari bilan birga, lug'atlarning ham o'rni muhim. Chunki ta'lim oluvchi so'zlarning imlo qoidalariga muvofiq, xatosiz yozilishini imlo lug'atlari yordamida o'rganadi. Tildagi so'zlarning ma'nolarini esa izohli lug'atlar orqali bilib oladi. Ana shu hayotiy zarurat va ta'limiy ehtiyojni teran anglagan holda institutda maktab o'quvchilari va talabalar uchun “O'zbek tilining o'quv imlo lug'ati” nashrga tayyorlandi. 25 000dan ortiq so'zning to'g'ri yozilishini ko'rsatishga mo'ljallangan mazkur lug'atda kundalik hayotda faol qo'llanadigan, ta'lim jarayonida ishlatiladigan so'zlar qamrab olindi. Imloviy savodxonlik borasidagi ishlarni umummilliy miqyosda yaxshilash maqsadida institut xodimlari tomonidan “O'zbek tilining katta imlo lug'ati” qayta nashrga tayyorlandi va unda o'zbek tilidagi 90 000 ga yaqin so'zning imlo qoidalariga muvofiq shakllari berilgan. Ushbu imlo lug'ati 2013 yilda kirill va lotin yozuvida chop qilingan lug'atning to'ldirilgan, takomillashtirilgan varianti bo'lib, unda o'zbek tilining o'z so'zlari ham, tilimizga yangi kirib kelgan va o'rnashgan so'zlar ham qamrab olingan, o'tgan muddat davomida to'plangan tajribalardan foydalanilgan. Albatta, o'zbek-lotin alifbosini takomillashtirish bo'yicha ishlar hali nihoyasiga etmaganligi sababli ushbu lug'atlar nashr qilingani yo'q. Bizningcha, mazkur imlo lug'atlarini bu jarayonlar nihoyasiga etgandan so'ng chop maqsadga muvofiq.

    Hozirgi kunda institut tilshunoslari “O'zbek tilining izohli lug'ati”ni o'zbek-lotin yozuvida takomillashtirishdek katta loyixa ustida mehnat qilmoqda. Tabiiyki, ushbu lug'at avvalgi nashrlarni takrorlamaydi. Xo'sh, izohli lug'atning o'zbek-lotin alifbosidagi nashrida nimalarga e'tibor berilmoqda?

    Birinchidan, lug'at so'zligi kengaytirilmoqda. YA'ni avvalgi nashrlarga kirmay qolgan so'zlar, iboralar aniqlanib, ularning ma'nolari izohlanmoqda. Shuningdek, keyingi yillarda tilimizga kirib kelgan yangi o'zlashma so'zlar lingvistik ekspertizadan o'tkazilib, leksikografik izoh berilmoqda. Lug'at so'zligini kengaytirishda sheva materiallaridan, etnografizm va fol`klorizmlardan ham foydalanilmoqda. Albatta, sheva so'zlarini izohli lug'atga kiritishning leksikografik tartiblari, taomillari bor. Xususan, izohli lug'atga qabul qilinayotgan sheva so'zi bir- ikki hudud shevasi bo'lmasligi, juda tor doirada qo'llanmasligi, aksincha, aksar shevalarda mavjud bo'lishi hamda yozma manbalarda uchrashi kerak.

    Lug'atga kiritilayotgan so'zlarni ikkiga ajratish mumkin: tilimizda avval ham bor bo'lgan, biroq lug'atga kirmay qolgan so'zlar; tilimizda yangi paydo bo'lgan so'zlar.

    Tilimizda avvaldan bo'lgani holda lug'atga kirmay qolgan so'zlar sifatida hilol so'zini keltirish mumkin. Lug'atga hilol so'zi “yangi chiqqan oy” ma'nosini ifodalaydigan so'z sifatida kiritilgan. Hozirgi o'zbek tilida shunday nomdagi qush va o'simlik bor. Diqqat qilinsa, hilol shaklli 3 ta so'z yuzaga kelmoqda. SHuni hisobga olib, ushbu so'zlar omonimlar sifatida quyidagicha izohlandi: HILOL I 1 Yangi chiqqan oy. 2 Hilol (erkaklar va xotin-qizlar ismi) HILOL II Tog‘da yashab, tunda sayraydigan, chipor rangli qush. HILOL III Hiloldoshlar oilasiga mansub ildizpoyali, ko‘p yillik o‘simlik; salomalaykum.

    Shuningdek, birgina h harfi bo'yicha hakaklamoq, haramza, hakaltayoq, hakarkovush, hallozilik, hamdo‘zi, hamguzar, hamishalik, hap-hap, haptakach, haptakach, hasayni, hilmlik, hisobvaraq, hisobraqam, hiq-hiq, hindu, horiqulodda, hoyu havas, hoziru nozir, hovli-haram, hovli-tuz, hovar, hoqon, hojirayhon, hojiya, hududiy, hurparvar, hunarpesha kabi so'zlar qo'shildi, ularga leksikografik izohlar berildi va illyustrativ misollar bilan ma'nolari dalillandi.

    Takomillashtirilayotgan lug'atdan xalq tilida avvaldan qo'llanib kelgan, ammo qaysidir sabab bilan yoki illyustrativ misol topilmaganligi tufayli kirmay qolgan yoki kiritilmagan turg'un birikmalar ham joy olmoqda. Bunday turg'un birikmalarga misol qilib havoyi jahon, haq bermoq, hayotdan orqada qolmoq, hisob kuni, paytini topmoq, xol tortmoq, xol tashlamoq kabilarni keltirishimiz mumkin. Masalan, havoyi jahon birikmasi lug'atda shunday izohlandi: Havoyi jahon. ayn. Havo, ob-havo. Yo tavba, shuncha bulut qayerda turganakan-u havoyi jahon qachon aynib ulgura qoldi?! M.Mansur, Judolik diyori.

    Lug'atdagi ayrim so'zlarning ma'nolari uchun keltirilgan illyustrativ misollar XX asrning 60 – 70-yillarigacha bo'lgan asarlardan olingan va bu holat so'zning o'sha davrlarda faolligini ko'rsatishga ham xizmat qilgan. Yoki Komil Yashin, Parda Tursun, S.Anorboev, I.Rahim kabi ijodkorlarning asarlaridan ham illyustrativ misollar o'sha vaqtda olingan. Ammo bu kabi illyustrativ misollarni lug'atdan chiqarib tashlash ham nomaqbul, chunki ayni misollar tilimizning XX asr yarmigacha bo'lgan holatini rost va raso ko'rsatadi, o'sha davrda shunday so'zlarning ishlatilganligini tasdiqlaydi. Biz bu holatda hozirgi o'zbek nasridan olingan illyustrativ misollarni ularga qo'shish yo'lidan bordik. Masalan, hamoqat so'zi uchun Mirmuhsinning “Umid” asaridan olingan illyustrativ misolgina keltirilgan. Ushbu so'zga erkin A'zamning “Jannat o'zi qaydadir” asaridan olingan illyustrativ misol qo'shildi (Xayr, biz yaxshiyu, ular yomonmi? Yo‘q, ularning nazarida biz yomonmiz, jamiki hamoqat uchun biz aybdormiz) va bu bilan so'zning hozirgi o'zbek tilida ham qo'llanishi dallillandi.

    Lug'atdagi bir qator so'zlarning ma'nolari izohlangan bo'lsa ham, ma'nolarini dalillaydigan topilmaganligi sababli illyustrativ misollar berilmagan edi. Shunday so'zlar o'z ma'nolariga mos illyustrativ misollar bilan boyitildi. Masalan, hamovoz so'zi uchun N.Rahmatning Jadid asaridan “Gohida Abbas muallim bilan Fuzuliy she’rlarini navbatma-navbat qiroat qilganimiz yoki “Qurbon o‘lam”ni bilganimizcha hamovoz xirgoyi qilganimizda, qo‘shnilar tahsinlar aytishardi” jumlasi berildi. Bu tamoyil Shukur Xolmirzaev, erkin A'zam, Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Usmon Azim, Halima Xudoyberdieva, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Ulug'bek Hamdam, Iqbol Mirzo, Abduqayum Yo'ldosh, Nabi Jaloliddin, Risolat Haydarova, Halima Ahmedova va boshqa ijodkorlarning asarlaridan foydalanishga ham tatbiq etilmoqda.

    Ma'lumki, sinonim so'z va iboralar har bir tilning kuchini, ifoda imkoniyatlarini ko'rsatadi, qolaversa, tilning yashash shakllari bo'lgan rasmiy, ilmiy, publitsistik va badiiy uslublarning rivojlanganligi, istalgan fikrni istalgan uslubda ifodalash mumkinligi ham tilning sinonimik fondining boyligi, adabiy me'yorlarning shakllanganligi bilan belgilanadi. Institutda navbatdagi loyiha — “O'zbek tili sinonimlarining katta izohli lug'ati” hamda “O'zbek tili sinonimlarining izohli lug'ati”ni tuzish ana shu maqsad-muddao bilan boshlangan. Sinonimlar tavsifiga bag'ishlangan har ikki lug'at ma'nodosh so'zlarning qamroviga ko'ra avvalgi sinonimlar lug'atidan farq qiladi. Unda tilimizda yuzaga kelgan yangi sinonimik qatorlar aniqlanadi va izohlanadi. SHuningdek, avvalgi sinonimlar lug'atida o'sha davr mafkurasi talabi bilan bosh so'z sifatida izohlangan, ammo aslida unday bo'lmagan so'zlarning bosh so'zlik maqomi o'zgartiriladi. So'zlarning uslubiy farqlanishiga ko'ra ma'no nozikliklariga jiddiy e'tibor qaratiladi, yangi illyustrativ misollar bilan boyitiladi.

    Umuman, institutda bajarilayotgan ishlardan ko'zlangan pirovard maqsad ona tilimizni boyitish, uning davlat tili sifatidagi rolini oshirish va shu orqali davlatning milliy til siyosatida ko'maklashishdir.

    Yorqin ODILOV,

    O'zFA O'zbek tili, adabiyoti va

    fol`klori instituti bo'lim mudiri,

    filologiya fanlari doktori, professor