Oʻzbek va ozarbayjon tarixan bir-biriga yaqin, qon-qardosh xalqlar. Kaspiy dengizi bogʻlab turgan bu ikki xalqning maʼnaviyati, madaniyati, adabiyoti ham bir-birinikiga oʻxshash. Ikki millat qalblarini bir-biriga yaqinlashtirishda ham ozarbayjon ham oʻzbekning birdek farzandiga aylangan Maqsud Shayxzodaning hissasi katta. Shu maʼnoda ham yurtboshimiz tashabbusi bilan Toshkent Davlat transport universitetiga Maqsud Shayxzodaning hayot va ijod yoʻlini chuqur oʻrganib, keng tadbiq etish vazifasi topshirildi. Bildirilgan ishonchga javoban universitet jamoasi tomonidan Shayxzodaning hayot yoʻli, yozma merosini ilmiy tadqiq etish, uning ijodi va asarlarini oʻquv jarayoniga tatbiq qilish, adib ijodi, ezgu gʻoyalari targʻibotini ommaviy axborot vositalari, elektron platformalarda Maqsud Shayxzoda amalga oshirish singari toʻrt asosiy yoʻnalishni oʻzida qamrab olgan “yoʻl xaritasi” tuzildi. Unga koʻra, universitet huzurida Xalqaro shayxzodashunoslar kengashi tuzilib, uning nizomi ishlab chiqildi. Ushbu Kengash shoir ijodi boʻyicha yaratilgan ilmiy tadqiqot ishlari hamda nashr etilgan asarlarining elektron bazasini shakllantirish, kelgusida “Shayxzoda qomusi”ni yaratish, kelgusida Shayxzoda asarlarida singdirilgan gʻoyalar va hikmatli soʻzlari jamlangan koʻp tilli “Shayxzoda hikmatlari” kitobi hamda faoliyati va merosiga bagʻishlangan ilmiy toʻplam chop ettirish, adibning mukammal ilmiy bibliografiyasini yaratish kabi oʻnlab vazifalarni belgilab olgan. Shu bilan birga universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan shoir hayoti va ijodi boʻyicha yaratilgan veb sayt faoliyat olib boryapti. Shuningdek, “Yoʻl xaritasi”da adibning tugʻilgan kuni munosabati bilan har yili 5-noyabrda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish koʻzda tutilgan edi.
Pandemiya munosabati bilan ilk bor tashkil etilgan konferensiya onlayn tarzda boʻlib oʻtdi. Konferensiya avvalida ishtirokchilar universitetda tashkil etilgan oʻquv zali va ekspozitsiyaning ochilish marosimiga guvoh boʻldilar. Yangi oʻquv zalining ramziy lentasini Oʻzbekiston fanlar akademiyasi akademigi Naim Karimov qirqib berdi. Yozuvchi, adabiy dramaturg, tarjima ustasi, buyuk pedagog, tilshunos va adabiyotshunos Maqsud Shayxzoda nomidagi oʻquv zali va ekspozitsiya gʻoyat nozik did va mohiyatan uygʻunlikda tashkil etilganini Shukur Burxonovdek ulkan sanʼat dargʻasiyu, Jaloliddin Manguberdidek buyuk tarixiy shaxslar siymolari ham aytib turibdi. Negaki, Shayxzoda Shukur Burxonov bilan gʻoyat yaqin doʻstlik munosabatlarini oʻrnatgan. Jaloliddin Manguberdi siymosini yaratgan Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktyori Axror Alijonov ham Jaloliddin monologidan parcha yodlash avvalida bu haqda alohida aytib oʻtdi.
Axborot resurs markazida adibning dastlabki asarlaridan tortib, umrining soʻngida yozgan kitoblarigacha davriylik tartibida terib qoʻyilgani diqqatga sazovor. Ayniqsa, Shayxzodaning 1937-1941-yillarda yozilgan asarlari, tarjimalari ishtirokchilar eʼtiborini tortdi. Uch tilda yaratilgan elektron platformalar orqali talabalar bemalol adib haqidagi maʼlumotlardan foydalanishlari mumkin.
Shundan soʻng “Maqsud Shayxzodaning adabiy merosi va zamonaviylik” mavzusidagi I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi. Konferensiyaning ochilish marosimida Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abduraxmanov hayoti va ijodiga toʻxtalib, universitetda bu borada olib borilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi. Transport vaziri oʻrinbosari Akmal Mirzayev, Oʻzbekiston Respublikasidagi Rossiya hamkorlik markazi vakolatxonasining rahbari Mixail Vojdayevlar universitetda boshlangan ezgu ishlar, saʼy-harakatlarni birgalikda davom ettirishda yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanlarini taʼkidladilar. Shundan soʻng universitet prorektori Dilshod Baratov boshchiligida onlayn konferensiyaning plenar yigʻilishi boshlandi. Unda adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimov, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, adabiyotshunos olim, professor Ibrohim Gʻofurov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, adabiyotshunos olim Ortiq Abdullayev, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi masʼul xodimi Kifoyat Pirmuxamedovalar nutq soʻzladilar. Ayniqsa, Maqsud Shayxzoda bilan zamondosh boʻlgan Naim Karimov, Ibrohim Gʻofurovlar adibning Oʻzbekistonga kelishidan tortib, umrining soʻngiga qadar olib borgan faoliyati xususida koʻplab yangi va qiziq maʼlumotlarni soʻzlab berish barobarida shoirning eng betakror sheʼrlarini ham esga oldilar.
Onlayn konferensiyada shuningdek Qirgʻiziston respublikasi Jalol-obod davlat universitetining Qirgʻiz tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori, professor Muyassar Mirzoxidova, Qozogʻistonning Suleyman Demirel nomidagi universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Bota Xasen, adabiyotshunos olima Olmos Gʻofurovalar ham masofadan turib shoir haqidagi maʼruzalari bilan ishtirok etdilar. Bundan tashqari, Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanidagi 43-maktab oʻqituvchisi Gʻayrat Saʼdullayev Maqsud
Shayxzoda suratini onlayn tarzda yaratgan boʻlsa, Urganch davlat universiteti talabasi Oʻktambek Sarvarbek oʻgʻli adib ijodidan jonli qoʻshiq ijro etdi.
Olti asrdan ziyodroq tarixga ega oʻzbek-ozarbayjon adabiy aloqalarida yangi bir davrni boshlab bergan va uni mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshgan Maqsud Shayxzoda umrining 40 yilini Oʻzbekistonda oʻtkazib, bor ilmiy va ijodiy salohiyatini adabiyotimiz, ilm-fanimizga safarbar etgan ekan, ertamiz egalariga adib haqida har qancha gapirsak, yuksak insoniylik, pedagoglik fazilatlarini har qancha namuna qilsak arziydi. Shu maʼnoda konferensiya Maqsud Shayxzoda faoliyati, merosini turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, qadriyatlari ramzi sifatida tadqiq va targʻib qilishni maqsad qilib, «Mangulikka dahldor ijod » ilmiy-ommabop risolasini tayyorlash, “Mukammal asarlar” toʻplamini qayta nashr etib oʻzbek, rus, ingliz, qirgʻiz, qozoq tillarida nashr etishdek vazifalarni belgilab oldi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri