Bu haqda Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus Oʻzbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, Oʻsh davlat texnologiyalar universiteti hamda B. Sidiqov nomidagi Qirgʻiziston–Oʻzbekiston xalqaro universiteti hamkorligida amalga oshirildi.
Tadbir shunchaki rasmiy uchrashuv emas, balki haqiqiy madaniyat bayramiga aylandi. Ikki kun davomida Oʻsh shahri bir qancha yorqin loyihalarga guvoh boʻldi. Jumladan, maʼrifat ulashishning eng goʻzal namunasi boʻlgan «Qardosh doʻstimga« kitob aksiyasi oʻtkazildi. Shuningdek, «Teatr – xalq maʼrifati kafedrasi« loyihasi doirasida yosh ijodkorlar sahna asarlari orqali doʻstlikni tarannum etgan boʻlsalar, «Ikki xalq bisotidan« konsert dasturida yangragan oʻzbek va qirgʻiz milliy kuy-qoʻshiqlari barchani raqsga chorladi.
Tashrifning eng muhim voqealaridan biri B. Sidiqov nomidagi Qirgʻiziston–Oʻzbekiston xalqaro universitetida «SHHT xonasi«ning tantanali ochilishi boʻldi. Universitet rektori, professor Abdilbayet Mamasidiqov oʻz nutqida bu xona shunchaki oʻquv xonasi emas, balki tinchlik, ishonch va muloqot makoni ekanligini, ochilish marosimi esa ikki qardosh xalqning doʻstlik hududi yanada kengayganining ramzi ekanligini alohida taʼkidladi.
Ochilish marosimida Qozogʻiston, Rossiya va Oʻzbekistonning diplomatik vakillari hamda oliy oʻquv yurtlari professorlari ishtirok etib, bu qadamni taʼlim diplomatiyasidagi muhim yutuq sifatida baholadilar.
Oʻzbekistondan tashrif buyurgan delegatsiya tarkibida Islom sivilizatsiyasi markazi, Sanʼat va madaniyat instituti va boshqa yetakchi oliygohlarning iqtidorli yoshlari va ustozlari bor edi.
Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov mehmondoʻstlikdan toʻlqinlanib, Qirgʻizistonga qadam qoʻygan ilk daqiqalardan boshlab oʻzlarini oʻz uylaridagidek his qilganliklarini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu his xalqlar oʻrtasidagi uzviy yaqinlik va ishonchning jonli ifodasidir.
Tadbir yakunida tomonlar oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Kelishuvga koʻra, endilikda talabalar uchun akademik almashuv dasturlari koʻpayadi, qoʻshma ilmiy va ijtimoiy loyihalar amalga oshiriladi, yoshlar forumlari va maxsus treninglar muntazam oʻtkaziladi.
Oʻshdagi ushbu uchrashuv Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, eng muhimi, ikki xalq yoshlari qalbida abadiy doʻstlik koʻprigini qurishga xizmat qilishi shubhasiz.