Anjumanda Toshkent davlat stomatologiya instituti “Lotin tili va xorijiy tillar” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent Maqsuda Isroilova, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti “Ingliz tilini oʻqitish metodikasi” 1-kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Xalifa Paulanova, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi “Oʻzbek tili va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti Iroda Shokirova, Qurolli Kuchlar akademiyasi “Tillar” kafedrasi dotsenti pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Safiya Qalandarova, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va talaba yoshlar hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumandan koʻzlangan maqsad — «2024-yil – Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” dasturi doirasida yoshlarni Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, kelajak avlod vakillari uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar bilan tanishtirish, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xorijiy tillarga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish va ularni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Anjumanni Akademiya boshligʻining birinchi oʻrinbosari, kimyo fanlari doktori, (DSc) dotsent Odiljon Ziyodullayev ochib, Oliy taʼlim, oʻrta taʼlim muassasalarida chet tillarini oʻqitishda samaradorlik innovatsiyalar bilan bogʻliq ekanligini, chet tilini oʻrganishda innovatsion yondashuv, taʼlim tizimini texnologiyalashtirish, taʼlim tizimini chuqurroq isloh qilish bilan birga, taʼlim samaradorligini oshirish mumkinligi, taʼlim jarayonida tinglovchiga xorijiy taʼlim tajribalarini singdirish ijobiy natijalarni shakllantirishga sabab boʻlishini taʼkidladi.

Shuningdek, hozirgi kunda Akademiyada ham bir qator turdosh oliy harbiy taʼlim muassasalari mutaxassislari bilan hamkorlikda taʼlim tizimi va uni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani va kursantlarga chet tilini oʻqitishning samaradorligini oshirishda yangicha innovatsion texnologiyalarning ahamiyati muhimligini bu borada davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan jonajon Vatanimizda yoshlarimizga yaratib berilayotgan ulkan shart-sharoitlar zamirida ham xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan eʼtibor davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanligini alohida eʼtirof etdi.

Anjumanda soʻzga chiqqanlar, milliy til – xalqlar va millatlarning asosiy muloqot manbai ekanligini, til xalqlarni birlashtirishini va tarbiyadagi ahamiyatini, milliy urf-odat, anʼana va madaniyatlarni saqlashini, bugungi globallashuv va integratsiya jarayonida harbiy soha vakillariga xorijiy tillarni oʻqitishning mazmun-mohiyati va oʻqitish jarayonida turli innovatsion yondashuvlar, interfaol usullarning oʻrni va ahamiyati xususida keng fikr-mulohazalar bildirdilar.

Anjuman davomida Akademiya Orkestr jamoasi xonandasi Muqaddas Muhiddinova va ijodkor kursantlar tomonidan xorijiy tillardagi mohirona ijro etilgan turli kuy-qoʻshiqlar qatnashchilarda katta taassurotlar qoldirdi.

Anjuman yakunida Anjumanga tashrif buyurgan mehmonlarga Akademiya rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Farhodjon XOJAYEV,

Akademiya katta

oʻqituvchisi, mayor.