Muloqotda, shuningdek, Saudiya Arabistoni tomonidan Saudiya Arabistoni kompaniyalarini ragʻbatlantirish Milliy agentligi va xususiy sektor vakillari — “ACWA Power”, “Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group” (HMG) va “DirectFN Ltd.” kompaniyalari rahbariyati, Oʻzbekiston tomonidan esa Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rahbariyati ishtirok etdi.
Tomonlar Saudiya Arabistoni xususiy sektor vakillarining Oʻzbekistonning tegishli vazirlik, idora va kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralari natijalarini nazarda tutgan holda, Saudiya Arabistoni delegatsiyasining mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifining amaliy samaralarni batafsil muhokama qildilar.
Saudiya Arabistoni tomoni safarning yuqori natijadorligini qayd etdi — delegatsiya aʼzolari oʻzbekistonlik boʻlajak va amaldagi hamkorlar bilan sheriklikning barcha jabhalarini bevosita muhokama qilish, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilash imkoniga ega boʻldi. Bundan tashqari, idoralararo darajadagi ikki tomonlama yaqin hamkorlik investitsiya va savdo-iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish uchun muhim salohiyatga ega ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olishga qulay sharoit yaratdi.
Xususan, muqobil energiya manbalari asosida ishlaydigan elektr stansiyalarini qurish boʻyicha yangi loyihalarni ishlab chiqish, qolaversa, Oʻzbekiston milliy elektr energiyasi tizimini davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida modernizatsiya qilish orqali energetika sohasidagi Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni aloqalarini yana-da kengaytirishga kelishib olindi. Uchrashuv davomida yaqin kelajakda ikki tomonlama asosda puxta oʻrganish obyekti boʻladigan aniq loyiha takliflari muhokama qilindi.
Qishloq aholisi va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish hamda xorijga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini keyinchalik yetkazib berishni tashkil etish asosida Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi, parrandachilik va chorvachilik sohasida Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni qoʻshma korxonalarini tashkil etish istiqbollari qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Saudiya Arabistoni tomoni Saudiya kompaniyalarining korporativ ijtimoiy masʼuliyat tamoyillari asosida Oʻzbekiston Respublikasining chekka hududlarini ijtimoiy va infratuzilmaviy rivojlantirish boʻyicha loyiha hamda dasturlarni amalga oshirish uchun jalb etishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, neft-gaz sanoati, sogʻliqni saqlash, metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya sohasi, transport va logistika, fond bozorini rivojlantirish va turizm kabi qator yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni birgalikda ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Saudiya Arabistoni delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida muhokama etilgan loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash hamda erishilgan kelishuvlar ijrosini monitoring qilish va hamkorlikning yangi yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash borasida ikki tomonlama Ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Oʻz navbatida, tomonlar yaqin vaqt ichida Saudiya Arabistonida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni hukumatlararo komissiyasining yigʻilishi hamda Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni ishbilarmonlik kengashining navbatdagi yigʻilishi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forumni oʻtkazish boʻyicha qoʻshma tayyorgarlikni boshlashga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group” kompaniyasi oʻrtasida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan “DirectFN Ltd.” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik Memorandumlari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.