Uning muallifi Anqara inqirozlarni oʻrganish va siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari, professor Sayfiddin Erol gazetxonlar eʼtiborini Oʻzbekiston – Turkiya aloqalari rivojidagi ushbu muhim sanaga qaratar ekan, quyidagilarni yozadi. «Bundan roppa-rosa 30 yil muqaddam – 1992-yil 4-mart kuni mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan edi. Oʻtgan 30 yil ichida mushtarak tamaddun va madaniyatning ikki bulogʻi boʻlib kelgan rasmiy Toshkent va Anqara oʻzaro munosabatlarini zamonaviy dunyo tartibotiga muvofiq ravishda rivojlantirib, yaqin aloqalar oʻrnatishga erishdi. Bu borada 1996-yil 8-mayda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida imzolangan “Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida»gi shartnoma alohida ahamiyatga molikdir. Ushbu bitim ikki davlat oʻrtasidagi mustahkam tarixiy rishtalarning istiqbolda ham izchil va bardavom boʻlishini anglatadi.
“Uchinchi Renessans” jarayonini boshidan kechirayotgan Oʻzbekiston 2016-yilda janob Shavkat Mirziyoyev Prezident boʻlganidan soʻng amalga oshirilgan islohotlar tufayli Anqara bilan munosabatlarini yanada yuqori bosqichga olib chiqdi. Aloqalar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilar ekan, koʻplab ikki tomonlama shartnomalar imzolandi. Munosabatlarning tashkiliy asoslari mustahkamlandi, taʼbir joiz boʻlsa, qardoshlik huquqiga asoslangan aloqalar oʻrnatildi».
Maqolada iqtisodiy va madaniy sohalardagi oʻzaro munosabatlarning samaralari bilan bir qatorda mintaqaviy xavfsizlik, xususan, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishida birgalikdagi saʼy-harakatlar, bu borada amalga oshirilayotgan yirik sarmoyaviy va infratuzilmaviy loyihalar toʻgʻrisida ham batafsil maʼlumot berilgan.
Ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim yoʻnalishi iqtisodiyot ekani alohida urgʻulangan. «2020-yilda 2,1 milliard dollarni tashkil etgan oʻzaro savdo hajmi 2021-yilda 3,4 milliard dollardan oshdi. Birinchi bosqichda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga, keyinroq esa 10 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Turkiya Oʻzbekistonning tashqi savdosida Rossiya, Xitoy va Qozogʻistondan keyin toʻrtinchi oʻrinda turadi. Binobarin, iqtisodiy munosabatlarimiz mustahkam asosda rivojlanib bormoqda, deyish mumkin. Qolaversa, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan liberallashuv jarayoni bu boradagi taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Oʻzbekiston jahon bilan integratsiyalashib borayotgan bir vaqtda, savdo munosabatlarimiz har ikki tomonning manfaatlariga mos keladigan muvozanatli asosda rivoj topmoqda. Tomonlarning import va eksport raqamlari oʻzaro mutanosib ekani ham buni tasdiqlaydi. Bundan tashqari, 2021-yilda Oʻzbekistonda turk kapitali ishtirokida 400 dan ziyod kompaniya tashkil etildi va Turkiya bu jihatdan mamlakatga eng koʻp sarmoya kiritgan davlatlardan boʻldi».
Oʻtgan yilning dekabr oyida Anqara va Istanbul shaharlarida oʻtkazilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari, Istanbulda tashkil etilgan «Qoʻrqut Ota» kinofestivali doirasidagi “Oʻzbekiston maxsus kuni”, respublikamizning qadimiy shaharlaridan biri boʻlgan Xiva 2020-2021-yillarda Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) tomonidan Turk dunyosining madaniyat poytaxti etib tanlangani, 2022-yilda esa Turkiyaning Bursa shahri Turk dunyosining madaniy poytaxti, deb eʼlon qilingani ikki tomonlama madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlikning samarali ekanligiga misol boʻla oladi.
Shu bilan birga, 2021-yil dekabr oyida Ispaniyada boʻlib oʻtgan Jahon turizm tashkilotining 24-yigʻilishida Samarqand shahriga 2023-yil Jahon turizm poytaxti maqomi berilishida Turkiyaning diplomatik koʻmagi katta rol oʻynagani, ushbu dastak oʻzaro munosabatlarning adabiy doʻstlik ruhiga munosib ravishda rivojlanayotganining yorqin ifodasi ekanligi alohida taʼkidlangan.
Maqolada Turkiy davlatlar tashkilotining tashkil topishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarning rivojiga yangi surʼat baxsh etishi urgʻulangan. “Bugungi kunda Oʻzbekiston 35 millionlik aholisi va oʻsib borayotgan iqtisodiy qudrati bilan Tashkilotning eng muhim aʼzolaridan biri hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 12-noyabr kuni Istanbulda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining Sakkizinchi sammitidagi tashabbuslari Turk dunyosi va Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarining yaqin istiqboldagi ravnaqini koʻrsatib berdi”, deb yozadi muallif.