Ushbu yo‘nalishlar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ularni kompleks rivojlantirish orqali mamlakatda zamonaviy iqtisodiy muhitni shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish strategiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu borada davlat boshqaruvida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, davlat xizmatlarini elektron shaklda taqdim etish ko‘lamini kengaytirish va ularning tezkorligi hamda shaffofligini oshirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Natijada aholi va tadbirkorlar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonlari soddalashtirilib, byurokratik to‘siqlar qisqartiriladi.

Shu bilan birga, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va innovatsion xizmatlar ulushini kengaytirish nazarda tutilgan. Sanoat, moliya, savdo va transport sohalarida raqamli texnologiyalarni joriy etish biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga, xarajatlarni kamaytirishga va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy sohalarda raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tibbiyot muassasalarini to‘liq raqamlashtirish, elektron tibbiy kartalarni joriy etish va raqamli sog‘liqni saqlash platformalarini rivojlantirish orqali tibbiy xizmatlar sifatini oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish darajasini oshirish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish va aholi uchun qulayliklarni kengaytirish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Davlat boshqaruvida raqamli platformalardan foydalanish ham strategiyada muhim o‘rin tutadi. Jumladan, strategik rejalashtirish va davlat dasturlari ijrosini monitoring qilish uchun raqamli platformalarni joriy etish orqali qaror qabul qilish jarayonlarini yanada samarali tashkil etish imkoniyatlari yaratiladi.

Raqamli transformatsiya bilan bir qatorda, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish strategiyaning ikkinchi muhim ustuni hisoblanadi. Investitsiya muhitini yaxshilash doirasida xorijiy investitsiyalar hajmini barqaror oshirish, kapital bozorini rivojlantirish va aholining investitsiya jarayonlarida ishtirokini kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, qimmatli qog‘ozlar bozorida savdo hajmini oshirish va davlat korxonalarini “Xalq IPO”siga chiqarish orqali moliyaviy bozor infratuzilmasi rivojlantiriladi.

Shu bilan birga, davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor rolini kuchaytirish muhim vazifa sifatida belgilangan. Davlat korxonalarini xususiylashtirish, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish va raqobat muhitini kengaytirish orqali iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini sezilarli darajada oshirish ko‘zda tutilgan. Bu bozor mexanizmlarining samarali ishlashini ta’minlaydi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash doirasida ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, litsenziya va ruxsatnomalar berish tartibini soddalashtirish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali biznes yuritish jarayonlarini yengillashtirish nazarda tutilgan. Bu choralar yangi biznes tashabbuslarni rag‘batlantirish va tadbirkorlik faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun infratuzilmani rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Sanoat zonalari, erkin iqtisodiy zonalar va texnoparklar faoliyatini kengaytirish, transport va logistika infratuzilmasini takomillashtirish orqali investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Bu esa hududlarda iqtisodiy faollikni oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, strategiyada innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish orqali innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish maqsad qilingan.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash o‘zaro uyg‘unlashgan holda amalga oshiriladi. Ushbu chora-tadbirlar davlat boshqaruvining samaradorligini oshirish, biznes muhitini yaxshilash va mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Jamshid SHARIPOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i